G‘afur G‘ulom ijodi — bolalar nigohida
Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan atoqli ijodkor, O‘zbekiston xalq shoiri G‘afur G‘ulom tavalludining 120 yilligi keng nishonlanmoqda.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan mazkur sana munosabati bilan ta’lim maskanlari, kutubxonalarda zabardast shoir ijodiga bag‘ishlangan adabiy anjumanlar, muloqotlar, ijodiy kechalar o‘tkazilmoqda.
Ana shunday adabiy tadbir Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 260-umumta’lim maktabi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, G‘afur G‘ulomning she’riyati va nasrida o‘zbek xalqi tarixi o‘zining badiiy timsolini topgan. Yozuvchining ijodi rang-barang — she’rlar, qo‘shiqlar, dostonlar, qasidalar, hikoyalar, povestlardan iborat. G‘afur G‘ulomning urushdan keyingi davrdagi ijodi ham o‘zbek adabiyoti rivojida beqiyos o‘rin tutgan. G‘afur G‘ulom, shuningdek, Pushkin, Lermontov, Griboyedov, Mayakovskiy, Nozim Hikmat, Rustaveli, Nizomiy, Shekspir, Dante, Bomarshe va boshqalarning asarlarini o‘zbek tiliga mohirona tarjima qilgan.

Adabiyotshunoslarga ko‘ra, G‘afur G‘ulom ijodida XX asrning birinchi yarmidagi yirik jarayonlar, olamshumul voqeliklar o‘z ifodasini topgani bilan ahamiyatli. Uning ijodida yosh avlodga e’tibor alohida o‘rin tutadi. “Sen yetim emassan” (1942), “Qayg‘u” (1942), “Biri biriga shogird, biri biriga ustod” (1950), “Sizlarga — yoshlar” (1947), “Bahor taronalari” (1948) va boshqalar shular jumlasidandir.
Ayniqsa, G‘afur G‘ulomning “Shum bola” povesti adabiyot muxlislari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan. Murg‘ak bolaning ko‘rguliklarini ifoda etuvchi ushbu asar xalqchilligi, jaydari va boy tili, samimiyati, iztirobga yo‘g‘rilgan mutoyibasi bilan diqqatga sazovordir.

—Bu kabi adabiy tadbirlar o‘quvchilarimizni milliy adabiyotimiz bilan yanada yaqinroq tanishtirishda, kitobxonlikni targ‘ib etishda alohida ahamiyat kasb etadi, — dedi 260-maktabning adabiyot o‘qituvchisi Muhayyo Saidova. – An’anaviy dars mashg‘ulotlari bilan birga, o‘quvchilarning bevosita o‘zlari ishtirokidagi shu kabi adabiy tadbirlar bolalarda ustoz shoir va yozuvchilarimiz ijodiga bo‘lgan qiziqishni orttirishga xizmat qiladi.

Tadbirda o‘quvchilar tomonidan G‘afur G‘ulom asarlaridan parchalar teatrlashtirilgan lavhalar tarzida ijro etildi. Shu bilan birga, akademik shoirning she’rlari o‘zbek, ingliz, rus tillarida yoddan o‘qildi.Tadbir yakunida o‘quvchilarga faxriy yorliq va badiiy kitoblar topshirildi.
N.Usmonova,
O‘zA