Gabriel Markesning tanlangan hikoyalarini o‘zbek tiliga o‘girgan tarjimon 70 yoshni qarshiladi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiyotshunos, tarjimon va noshir Boboxon Muhammad Sharifning 70 yillik yubileyi hamda ijodiy kechasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiyotshunos, tarjimon va noshir Boboxon Muhammad Sharifning 70 yillik yubileyi hamda ijodiy kechasi o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, adabiyotshunos, akademik Naim Karimov, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, Ozarbayjon milliy madaniyat markazi raisi Samir Abbosov, adabiyotshunos olim Adhambek Alimbekov va boshqalar Boboxon Muhammad Sharifning o‘zbek adabiyoti, xususan, tarjima yo‘nalishidagi ijodiy izlanishlarini alohida e’tirof etdi.
Boboxon Muhammad Sharif ilk faoliyatini “Mushtum” jurnalidan boshlagan. Keyin “Toshkent oqshomi”, “O‘zbekiston” nashriyoti, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi kabi qator ijodiy tashkilotlarda samarali mehnat qilgan. Xalqaro Mahmud Qoshg‘ariy va Turk dunyosiga xizmat mukofotlarining sovrindori.
Boboxon Muhammad Sharif chet el matbuotida O‘zbekiston yozuvchi-shoirlari haqida ko‘plab ilmiy maqolalar e’lon qilgan. Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston mamlakatlarida o‘tkazilgan ko‘pgina xalqaro ilmiy anjumanlarda o‘zbek adabiyoti haqida ilmiy ma’ruzalari bilan faol ishtirok etib keladi.
Muallifning “Qatrada aks etgan quyosh”, “Turkcha so‘zlashaylik”, “Haqdan xalqqa”, “Aql o‘yinlari” (bolalar uchun 5 kitobchadan iborat), Komiljon Otaniyozovning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Men ketarman ishqning yo‘lina”, “O‘zbekcha-ozarbayjoncha, ozarbayjoncha-o‘zbekcha lug‘at” (30 ming so‘zli) singari kitoblari chop etilgan. Shuningdek, uning hammualliflikdagi “Shoir va jamoatchi”, “Jamiyatni erkinlashtirish va ma’naviyat” publitsistik to‘plamlari, rus tilidagi “Plamennыy peves”, turk tilidagi “Özbekçe konuşalım”, “Türkçe-Özbekçe konuşma kılavuzu”, “Şafak söker” (“Tong otar”) kitoblari e’lon qilingan.
Bobojon Muhammad Sharif tarjimon sifatida ham barakali ijod qilmoqda. U ruschadan 7 ta kitob va risolani, Branislav Nushichning “Jamoaning bolasi” romanini, Gabriel Garsia Markes tanlangan hikoyalar to‘plamini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. O‘zbekchadan turkchaga Cho‘lpon, Oybek, Omon Matjon, Xosiyat Rustamova she’rlarini tarjima qilib, Turkiya jurnallarida e’lon qilgan. “O‘rta asrlarda Sharqning buyuk olimlari va mutafakkirlari” kitobini o‘zbek tilidan turk tiliga o‘girgan.
Boboxon Muhammad Sharif joriy yilning 1 may kuni 70 yoshni qarshiladi.
Tadbirda taniqli shoir va yozuvchilar, yosh ijodkorlar, adibning do‘stu yaqinlari va adabiyot muxlislari ishtirok etdi.