G‘o‘za parvarishida muhim palla
Hozirgi tig‘iz mehnat mavsumida g‘o‘zani sug‘orish, chekanka va kultivatsiya qilish tadbirlari sifatli bajarilsa, mavjud hosil nishonalari to‘liq saqlanib, bo‘liq ko‘saklar yanada ko‘payadi.
Hozirgi tig‘iz mehnat mavsumida g‘o‘zani sug‘orish, chekanka va kultivatsiya qilish tadbirlari sifatli bajarilsa, mavjud hosil nishonalari to‘liq saqlanib, bo‘liq ko‘saklar yanada ko‘payadi.
Asad oyida g‘o‘za kun sanaydi. Buning ma’nosi shuki, ekin kun sayin rivojlanib, shonalar gullarga, gullar ko‘saklarga aylanadi. Shu ma’noda, bu oyda dehqonlarimizning mas’uliyati ikki karra oshib, ulardan ertayu kech hushyor bo‘lish, har tup g‘o‘zani nazardan qochirmaslik talab etiladi. Mavsumdagi birgina xato hosil salmog‘iga putur yetkazishi hech gap emas.
Shuni hisobga olib, fermer xo‘jaligimizda sug‘orishni o‘z vaqtida bajarishga harakat qilmoqdamiz. Bu tadbirni mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra, tunda amalga oshirayotirmiz. Natijada 60 gektar daladagi g‘o‘za qonib suv ichib, baravj rivojlanmoqda. Sug‘orishda «sharbat» usulini qo‘llayotganimiz namlikni uzoqroq saqlash va suvni tejash imkonini berayotir. Har bir niholda o‘rtacha yigirmata bo‘liq ko‘sak bor. Ba’zi g‘o‘zalarda o‘ttiztadan ko‘proq ko‘sak sanash mumkin. Lekin bu xotirjamlikka asos bo‘la olmaydi. Xalqimiz aytganidek, daladagisi emas, xirmondagisi hisob.
Bu yil harorat avvalgi yillarga qaraganda birmuncha yuqori. Bunday sharoitda tuproqning namini qochirmaslik kerak. Bunga yo‘l qo‘yilsa, yer yorilib, g‘o‘za ildiz tizimiga shikast yetishi, yana ham yomoni, chanqagan ekin gul tashlashi mumkin.
Fermer xo‘jaligimiz a’zolari bilan har kuni dalaning qaysi joyida ahvol qandayligini aniqlab, navbatdagi yumushlarni belgilab olmoqdamiz. Birinchi suvdan keyin yer yetilishi bilan qator oralari chuqur yumshatilgani nihollar rivojini tezlashtirdi. Zararkunandalardan himoyalanish uchun dalalarga oltinko‘z, trixogramma va brakon chiqarib, to‘liq ishlov berilmoqda.
Ko‘p yillik tajribamdan bilamanki, g‘o‘za – mehrtalab ekin. U dehqonning parvarishidan quvvat olib yashnaydi. Kechani – kecha, kunduzni – kunduz demay qilingan fidokorona mehnat tufayli barakali hosil to‘playdi.
O‘zimizdan qiyos: har yili agrotexnika yumushlarini o‘z vaqtida bajarib, boniteti past bo‘lgan yerlardan ham o‘rtacha 50 sentnerdan oshirib hosil olayotirmiz. Bu yilgi mo‘ljalimiz ham ana shu ko‘rsatkichdan kam emas. Zero, bu oyda bajarilgan yumushlar kuzdagi xirmonning salmog‘ini belgilab beradi. Buni chuqur his etgan holda, butun jamoamiz bilan bir tanu bir jon bo‘lib, g‘o‘zani obi tobida parvarishlash payida bo‘lmoqdamiz.
G‘ayrat Po‘latov,
Qashqadaryo viloyati G‘uzor
tumanidagi «Istiqlol»
fermer xo‘jaligi rahbari.