Gʻalla mavsumi eshik qoqmoqda
Yurtimizda havo haroratining tobora koʻtarilib borayotgani dalalarda gʻalla pishib-yetilib, oʻrim-yigʻim tadbirlari yaqinlashib qolganidan darak bermoqda.
Qishloq xoʻjaligi
Toshkent viloyati Boʻka tumanida yetishtirilgan gʻallani nest-nobud qilmay yigʻib olish, oʻrim-yigʻim mavsumini uyushqoqlik bilan oʻtkazishga puxta tayyorgarlik koʻrilmoqda. Hududdagi 15 ming 150 gektardan ziyod maydonda parvarishlangan gʻalla hosilni yigʻishtirib olish uchun 37 ta kombayn, 136 ta bugʻdoy tashuvchi texnika shay holatga keltirilgan.
Mavsumda ish 37 ta otryadga boʻlingan holda olib boriladi. Texnikalar va ulardagi birlamchi yongʻin oʻchirish vositalarining sozligi, toʻliq taʼmirlangani tuman favqulodda vaziyatlar xizmati mutaxassislari tomonidan koʻzdan kechirildi. Kombayn operatorlari bilan yoʻriqnoma oʻtkazilib, gʻalla tez yonuvchan ekani bois oʻrim paytida tamaki mahsulotlarini chekmaslik, olovdan foydalanmaslik va yongʻin xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya qilish boʻyicha tushunchalar berildi.
Oʻrim paytida mavsum qatnashchilariga qulaylik yaratish maqsadida shtab tashkil qilinib, ularga dala maydonida ovqatlanish uchun sharoit ham yaratilgan. Bundan tashqari, vaqtdan unumli foydalanish maqsadida dala maydonida nosoz holatga kelgan texnikalarga xizmat koʻrsatuvchi koʻchma ustaxona faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Kombayn operatorlarini ragʻbatlantirish maqsadida tuman hokimligi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, fermer xoʻjaliklari rahbarlari tomonidan esa ularning plastik kartalariga 400 ming soʻmdan mablagʻ oʻtkazib berildi. Shu bilan birga, hosilni tashishga jalb qilingan yuk tashuvchi texnikalarning haydovchilariga muntazam ish haqi toʻlanishi rejalashtirilgan.
Piskent tumanida ham gʻalla oʻrim-yigʻimi mavsumini uyushqoqlik bilan oʻtkazish uchun barcha zarur tayyorgarlik koʻrilgan.
– Joriy yil tumandagi 183 fermer xoʻjaligi tomonidan 9 ming 100 gektar yerda bugʻdoy yetishtirilmoqda, – deydi Piskent tumani hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Murod Abdurahmonov. – Bu yilgi ob-havo sharoiti gʻallachilik uchun maqbul kelgani, agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida va belgilangan meʼyorlarga muvofiq oʻtkazilishi natijasida moʻl hosil yaratildi. Gektaridan 80 sentnerdan oshirib hosil olish, 73 ming 247 tonna gʻalla xirmoni uyish, davlatga 30 ming 33 tonna bugʻdoy sotish moʻljallanmoqda.
Mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil qilish uchun tumanda 24 otryad shakllantirilgan. Shu bilan birga, yuqori unumli 24 ta kombayn safarbar etilgan. Ularning har biriga gʻalla tashish uchun 5 tadan yuk tashuvchi mashina biriktirilgan. Ushbu texnikalar mavsum oldidan texnik koʻrikdan oʻtkazilib, yongʻinga qarshi vositalar bilan jihozlangan. Otryad aʼzolarining favqulodda vaziyatlarda harakatlanish, xavfsizlik boʻyicha bilim va koʻnikmalari koʻrikdan oʻtkazildi. Favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimlari va kombayn operatorlari ishtirokida ish jarayonida yongʻinlarning oldini olish boʻyicha oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi.
Mutasaddilarga otryadlarni shakllantirish, vazifalar taqsimoti, kombayn operatorlari va haydovchilarga ish haqi ajratish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.