FVB: Sinovdan o‘tgan tayyorgarlik
Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan viloyatdagi birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish otryadlarining favqulodda vaziyatlarga shaylik darajasini aniqlashga qaratilgan o‘rganishlar o‘tkazildi. Unda shaxsiy tarkibning amaliy tayyorgarligi, tezkor harakat qilish qobiliyati hamda tibbiy jihoz va vositalar bilan ta’minlanganlik holati kompleks tarzda baholandi.
O‘rganishlar davomida shaxsiy tarkibning favqulodda vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, voqea joyidagi harakatlarni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari belgilangan me’yorlar asosida sinovdan o‘tkazildi. Shu bilan birga, maxsus tibbiy anjomlar, zarur vositalar va jihozlarning shayligi hamda ulardan samarali foydalanish darajasi atroflicha ko‘zdan kechirildi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, favqulodda vaziyat yuz bergan dastlabki daqiqalar inson hayotini saqlab qolishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu bois qutqaruvchilarning birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy mahoratini muntazam takomillashtirish, mavjud kuch va vositalarning doimiy shayligini ta’minlash bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatimizda aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, qutqaruv xizmatlarining jangovar va amaliy shayligini oshirish, aholiga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda. Bu borada favqulodda vaziyatlar tizimida muntazam o‘quv mashg‘ulotlari, amaliy sinovlar va malaka oshirish tadbirlari tashkil etilib, qutqaruvchilarning kasbiy mahorati bosqichma-bosqich yuksaltirib borilmoqda.

Mazkur o‘rganish ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, favqulodda vaziyatlarda aholiga tezkor va sifatli birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, shaxsiy tarkibning kasbiy tayyorgarligini mustahkamlash hamda qutqaruv bo‘linmalarining doimiy shayligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA