Futbol: “So‘g‘diyona” – “Aral Samali”ni yengdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bahslarining “Ye” guruhida 1-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Jizzaxda O‘zbekiston chempionati superligasining amaldagi vitse-chempioni “So‘g‘diyona” pro liga vakili Qoraqalpog‘istonning “Aral Samali” klubini qabul qildi.
Uchrashuv mezbonlarning hujumlari bilan boshlandi. Bellashuvning 9-daqiqasida jizzaxliklar ustunligini namoyon etdi. Iskandar Shayqulovning ajoyib to‘p uzatishidan so‘ng Xislat Xalilov raqib darvozasiga gol kiritib, jamoasini oldinga olib chiqdi. O‘yinda darvozalarga boshqa to‘p kiritilmadi.“So‘g‘diyona” – “Aral Samali” yakuni hisob – 1:0.
Shu guruhdan joy olgan Sirdaryo viloyatining “Yangiyer” klubi o‘z maydonida pro liganing yana bir vakili “Andijon”ni qabul qilib, 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
O‘zbekiston kubogi uchun o‘tadigan “Ye” guruhi jamoalari 2-turni joriy yilning 14 aprelida o‘tkazadi. Shu kuni Andijonda mahalliy “Andijon” jamoasi Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubini qabul qilsa, “Yangiyer” Nukusda “Aral Samali” jamoasi sinovidan o‘tadi.
A.Qayumov, O‘zA