Futbol: Argentina – O‘zbekiston. Shiddatli o‘yinning yog‘dusi yaqin
Bugun, 20 may kuni Argentinaning Santyago-del-Estero, San-Xuan, La-Plata hamda Mendoza shaharlaridagi futbol maydonlarida 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionati boshlanadi.
Bu galgi chempionatda 24 ta jamoa 6 ta guruhga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun maydonga tushadi.
Terma jamoamiz mazkur chempionatning “A” guruhida Argentina, Yangi Zelandiya va Gvatemala terma jamoalari bilan keyingi bosqichga chiqish uchun kurash olib boradi.
Shuningdek, “B” guruhida AQSH, Slovakiya, Ekvador, Fiji, “S” guruhida Kolumbiya, Isroil, Yaponiya, Senegal, “D” guruhida Braziliya, Dominikan Respublikasi, Italiya, Nigeriya, “Ye” guruhida Angliya, Tunis, Urugvay, Iroq, “F” guruhida Fransiya, Gonduras, Janubiy Koreya, Gambiya 1/8 bosqichiga chiqish masalasida ro‘baro‘ kelishadi.
Bugun chempioantning ilk o‘yinlari qur’a natijasiga ko‘ra, “B” guruhidagi AQSH – Ekvador va “A” guruhidagi Gvatemala – Yangi Zelandiya jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladi.
24 ta mamlakat terma jamoalari ishtirok etayotgan chempionatning 21 may kuni tashkil etiladigan ochilish marosimidagi o‘yin Argentina –O‘zbekiston o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.
Aytish lozimki, Argentina terma jamoasi ushbu yosh toifasida 1979 yildan beri o‘tkazilgan 23 ta jahon chempionatining 17 tasida ishtirok etgan bo‘lib, 6 marta g‘oliblikni tantana qilgan jamoa sanaladi.
Dunyo nigohini o‘ziga ohanrabodek tortib turgan Argentina –O‘zbekiston uchrashuvida Ravshan Haydarov bosh murabbiyligidagi mamlakatimiz yoshlar terma jamoasi ko‘k, darvozabonimiz esa sariq libosda harakatlanadi.
“Estadio Único Madre de Ciudades” stadionida kechadigan Argentina–O‘zbekiston o‘yinini fransiyalik Fransua Leteksiye bosh hakam sifatida boshqarib boradi. Unga qanotlarda hamyurtlari Siril Mune va Mehdi Rahmuni yordam ko‘rsatadi.
52 ta o‘yindan iborat chempionatda jamoalar uchun beshta o‘zgarish qilish imkoniyati yaratiladi. Pley-off bosqichida asosiy vaqtda g‘olib aniqlanmasa qo‘shimcha o‘zgarish qilishga ruxsat beriladi.
12 iyunga qadar davom etadigan U-20 jahon chempionati futbol muxlislarining talab va istaklaridan kelib chiqib UZREPORT TV telekanali orqali namoyish etib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, Argentina – O‘zbekiston o‘rtasidagi jahon chempionati ochilish o‘yini 21 may tungi 02:00 da boshlanadi.
O‘zbekiston U-20 terma jamoasining guruhdagi ikkinchi o‘yini 23 may kuni Yangi Zelandiya bilan, uchinchi uchrashuvi 27 mayda Gvatemala jamoasi bilan kechadi.

Jahon chempionatining guruh bosqichidagi o‘yinlar 29 mayga qadar davom etadi. 30 may –1 iyun kunlari 1/8, 3-4 iyun kunlari 1/4 finallar, 8 iyun kuni yarim final, 11 iyunda 3-o‘rin uchun hamda 12 iyun kuni o‘tkaziladigan final bahslari bilan chempionatga yakun yasaladi.

Joriy yil mart oyida poytaxtimizda o‘tkazilgan qit’a birinchiligida Osiyo chempionligiga erishib, ming-minglab ishqibozlar qalbiga g‘urur va iftixor to‘yg‘ularini jo etgan yosh futbolchilarimizga Argentina yashil maydonlaridagi shiddatli o‘yinlarda zafar yor bo‘lishini tilab qolamiz. Istagimiz, Toshkentdagi shijoat okeanorti yashil maydonlarida yurtimiz yoshlarining timsoli bo‘lib dunyo futbolining kengliklarida o‘z yog‘dusini yanada yorqinroq aks ettirsin.
T.RO‘ZIEV,
O‘zA