Fuqarolik jamiyati: yangicha yondashuv samaralari
Buxoroda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Buxoro viloyati bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy majlis Qonunchilik Palatasi va viloyat, shahar va tumanlar Kengashlari deputatlari, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Buxoro viloyati xodimlari, viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Farmonda bilan davlat va jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlari faolligini yanada oshirish, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish, ta’sirchan jamoatchilik nazorati olib borilishini rag‘batlantirish, fuqarolik jamiyati institutlarining xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularga qulay tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish kabi eng muhim oltita yo‘nalish belgilab berilgan.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlar mazmuniga alohida to‘xtalar ekan, ushbu farmon qabul qilinishining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Parlament komissiyasi a’zolari va Jamoat fondi vakillari hamda mahalliy kengash deputatlaridan iborat ishchi guruhlar shu kunlarda respublikamiz bo‘ylab xizmat safarida bo‘lmoqda.
Ishchi guruh Buxoro viloyatining Buxoro, Kogon shaharlari, Buxoro, Kogon, Qorovulbozor, Shofirkon, Vobkent tumanlarida bo‘lib, aholining muammolarini hamda o‘z yechimini kutayotgan ijtimoiy ahamiyatga ega boshqa masalalarni o‘rganmoqda. Ishchi guruh tomonidan o‘rganishlar natijasi bo‘yicha har bir hududga mo‘ljallangan, xususan, ichimlik suvi, maktab va poliklinikalar infrastrukturasi, aholi bandligi va salomatligi sohalarida aholini qiynayotgan muammolarning manzilli va samarali yechimiga qaratilgan grant tanlovlar e’lon qilinishi rejalashtirilmoqda.
– Fuqarolik jamiyati institutlari zamonaviy demokratik davlatni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati, Parlament komissiyasi a’zosi Madina Barotova. – Ular nafaqat turli ijtimoiy guruhlarning manfaatlarini aks ettiradi, balki barqaror va demokratik jamiyat shakllanishiga ham yordam beradi. Shu nuqtai nazardan, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlarini aniqlash ularning mamlakat hayotida faol ishtirok etishini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega. Ya’ni, bu bilan resurslarning konsentratsiyasi ta’minlanib, ularning maqsadli va samarali ishlashi ehtimoli ortadi.
Soha mutaxassislari yig‘ilganlarga yagona elektron platformadan foydalanish bo‘yicha tavsiyalarini berdi. Ta’kidlandiki, mazkur hujjat fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi bevosita ishtiroki uchun yangi imkoniyatlar va ijtimoiy sheriklik institutini rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratib, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati ta’sirchanligini oshirishga xizmat qiladi.
[gallery-22558]
Muloqot tarzida o‘tgan tadbir yakunida farmonning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish va uning ijrosini samarali ta’minlanishida davlat organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining hamkorligini faol yo‘lga qo‘yish masalalari bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, yig‘ilishda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Buxoro viloyati bo‘linmasi, viloyatdagi Milliy madaniy markazlar, viloyat Kar va soqovlar, viloyat Ko‘zi ojizlar, viloyat Nogironlar jamiyati, hamda viloyat Nogironlar Assotsiatsiyasi tomonidan 1-chorakda amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.