Fuqarolarning kadastrga oid murojaatlari o‘rganildi
bugungi kunda Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan ham yurtdoshlarimizning sohaga oid murojaatlari yechimiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Aholi va tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida boshqarma boshliqlari tomonidan mahallabay o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.
Fuqarolarning kadastrga oid murojaatlarini joyida o‘rganish, ularga kerakli huquqiy yordam berish uchun belgilangan reja-grafik asosida sayyor qabullar o‘tkazib kelinmoqda.

Muhim jihati, sayyor qabul o‘tkaziladigan manzil va unda ishtirok etadigan mutasaddilar haqidagi ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritilib, aholining xabardorligi ta’minlanyapti.
Navbatdagi ochiq muloqot Yakkasaroy tumanida tashkil qilindi. Sayyor qabul avvalida boshqarma boshliqlari B.Tashxodjayev hamda J.Karimovlar tomonidan sohaga oid qonunchilikdagi o‘zgarishlar va fuqarolarga yaratilayotgan sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Qabulda Yakkasaroy va Mirobod tumanlari aholisining har bir murojaatini hal etish choralari izlandi.
–Yigirmaga yaqin fuqarolarni birma-bir qabul qilib, ularning murojaatlarini tinglayapmiz, – dedi Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Jasurbek Karimov. – Zarurat tug‘ilsa, xodimlar tomonidan masalaga aniqlik kiritish uchun joyiga chiqib ham o‘rganish olib boriladi. Qabullarda asosan fuqarolar tomonidan kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, meros masalalarida savollar ko‘p kelib tushadi. Har murojaat yuzasidan murojaatchiga kerakli tushuntirish beriladi. Bundan tashqari aholiga yanada qulay bo‘lishi uchun mahallalar kesimida ham ular bilan muloqot qilyapmiz. Ya’ni, bunda fuqarolarning idoraga kelishini kutib o‘tirmay, ularning oldiga o‘zimiz boryapmiz. Kerak bo‘lsa, uyma-uy yurib hamyurtlarimizning kadastr masalalariga yechim topishga harakat qilyapmiz. Maqsadimiz aholiga yanada yaqin bo‘lib, ularning mushkulini oson qilish.

O‘tkazilgan sayyor qabulda fuqarolarning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, meros va shu kabi masalalar bo‘yicha murojaatlari ko‘rib chiqildi. Aksariyat masalalar joyida hal etildi. O‘rganilishi vaqt talab etadigan masalalar yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Darhaqiqat, joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar, aholi vakillari bilan mutasaddi rahbarlarning uchrashuvlari bugun yaxshi an’anaga aylandi. Xalq bilan muloqotning bu ko‘rinishi davlat idoralari va aholini bir-biriga yaqinlashtirib, o‘rtadagi ishonchni yanada mustahkamlaydi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA