Fuqarolar yashash huquqining kafolatlati
Konstitutsiyaning fuqarolar qonun oldida tengligi haqidagi qoidasi milliy huquq sohalarida tamoyil darajasida e’tirof etiladi va yanada takomillashtirilgan holda bayon qilinadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 272-moddasida “Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish barcha fuqarolarning jinsi, ijtimoiy kelib chiqishi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, irqi, millati, tili, dini va e’tiqodidan qat’i nazar, qonun oldida va shu ishni ko‘rib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) oldida tengligi asosida ko‘rib chiqiladi”, deb belgilangan. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi 16-moddasida esa, jinoyat ishlari bo‘yicha odil sudlov fuqarolarning, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun va sud oldida tengligi asosida amalga oshiriladi, tarzida bayon qilingan. Bu kabi qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 8-moddasida, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 9-moddasida, Iqtisodiy protsessual kodeksining 7-moddasida ham belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 5-moddasida ham fuqarolarning qonun oldida tengligi prinsipi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, jinoyat sodir etgan shaxslar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, bir xil huquq va majburiyatlarga ega bo‘lib, qonun oldida tengdirlar.
Bulardan tashqari, qonun hujjatlarida ham muayyan munosabat ishtirokchilarining teng teng huquq va erkinliklar berilganligi xususida qoidalar belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida va xalqaro hujjatlarda belgilangan fuqarolarning qonun oldida tengligi qoidasini buzish huquqiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi, hattoki fuqarolarning qonun oldida tengligiga daxl qilish jinoyat sifatida ta’qib qilinadi. Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 141-moddasi «Fuqarolarning teng huquqliligini buzish» deb nomlangan bo‘lib, unga ko‘ra, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy yoki ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, fuqarolarning huquqlarini bevosita yoki bilvosita buzish yoki cheklash yoxud fuqarolarga bevosita yoki bilvosita afzalliklar berish jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘lishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qonunda va xalqaro shartnomalarda ko‘rsatilgan hollardan (istisnolardan) tashqari barcha chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga teng huquq va erkinliklar beradi va ularni kafolatlaydi.
Mazkur norma fuqarolarning tenglik qonun oldida tengiligini buzish deb talqin qilinmasligi uchun qonunchilikdagi imtiyozlar bo‘lishi mumkinligi haqidagi qoidani nazarda tutadi.
Qonunchilikda huquqlardan foydalanish imkoniyatini to‘liq yaratish maqsadida, turli sabablarga ko‘ra, o‘z manfaati va huquqlarini lozim darajada himoya qila olmaydigan ba’zi shaxslarga yoki jamiyat ayrim vazifalarini bajaruvchi a’zolariga qo‘shimcha imtiyozlarni nazarda tutiladi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun bunday imtiyozlar uchun ularning faqat qonun bilan belgilanishi va ijtimoiy adolat prinsiplariga asoslanishi muhim shartlar hisoblanadi. Qonunchilikda ayrim fuqarolarga yoki ayrim insonlar guruhiga berilgan imtiyozlar fuqarolarni farqlash deb tushunilmasligi lozim.
Bunday imtiyozlarnni milliy qonunchiligimizdagi turli huquqiy manbalarda uchratish mumkin. Kam ta’minlanganlar va nogironlarga beriladigan itimoiy qo‘maklar yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi ayollarga, voyaga yetmaganlarga va oltmish yoshdan oshgan insonlarga nisbatan tayinlanmasligi yoxud ishga qabul qilinayotganda homilador ayollarga nisbatan dastlabki sinov belgilanmasligi va boshqa shu kabi fuqarolarning qonun oldida tengsizligi deb qaralmasligi lozim.
I.Rejametova
Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti