Fuqarolar ovozi hokimiyat e’tiborida
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi Yangi O‘zbekiston mahallasida aholi murojaatlari va ularni hal etish doimiy e’tiborda. Shu maqsadda tuman hokimi Abdurahim Umarov rahbarligida tuman tashkilotlari va idoralari rahbarlari ishtirokida ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi.

Tadbirda mahalla aholisi ijtimoiy, kommunal, bandlik, uy-joy va boshqa masalalar bo‘yicha murojaat qildi. Har bir muammo joyida tinglanib, tegishli idoralarga yo‘naltirildi va ularni hal etish uchun aniq topshiriqlar berildi. Bu jarayon aholi masalalariga tez va samarali yechim topishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Murojaatlar turli sohalarda kelib tushdi: moddiy yordam — 4 ta, tadbirkorlik — 2 ta, uy-joy va kadastr — 6 ta, oqava va ichimlik suvi — 7 ta, ichki yo‘l va chiqindilarni olib chiqish — 4 ta, elektr energiya va gaz ta’minoti — 3 ta, soliq va kredit masalasi — 3 ta, bandlik va ijtimoiy himoya — 8 ta, davolanish — 5 ta.
Sayyor qabul jarayoni faqat murojaatlarni qayd etish bilan cheklanmadi. Bu — mahalla aholisi va hokimiyat o‘rtasida ochiq muloqot, muammolarni birgalikda hal etish va mahallani rivojlantirishda muhim qadam edi.
Yangi O‘zbekiston mahallasi aholi vakili Sanobar Ashurova tadbir haqida shunday fikr bildirdi:

– Sayyor qabul biz uchun katta imkoniyat bo‘ldi. Murojaatlarimizni eshitishlari va ularni hal qilish uchun aniq topshiriqlar berishlari fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilishda qanchalik muhim ekanini ko‘rsatdi. Biz o‘z masalalarimizni erkin bayon qilish imkoniga ega bo‘ldik, bu esa mahallani rivojlantirishdagi hamkorlikni yanada mustahkamlaydi, – dedi Sanobar Ashurova.

Eng muhimi, Yangi O‘zbekiston mahallasida o‘tkazilgan sayyor qabul har jihatdan aholi vakillari uchun juda foydali bo‘ldi. Ular ko‘p yillardan beri qiynab kelayotgan masalalariga bir idoradan boshqa idoraga yugurib, sarson bo‘lib yurmay, mahalla hududida to‘g‘ridan-to‘g‘ri mas’ul shaxslardan aniq va ishonchli javob oldilar. Bu nafaqat muammolarni samarali hal etish imkonini berdi, balki aholi va hokimiyat o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikni ham mustahkamladi.
G‘ulom Primov, O‘zA