Fuqarolar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanlararo iqtisodiy sudining raisi S. Niyazov, jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi raisi Sh. Shamambetov hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudi raisi M. Sapayevlar Nukus shahridagi “Jaңa zaman”, “Bes tobe”, “Jiydeli baysin” va “Jayhun” mahallalarida fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazishdi.
Uchrashuvlar davomida fuqarolar o‘zlarini qiynab kelayotgan turli masalalar — yer va uy-joy bilan bog‘liq nizolar, meros, qarzdorlik va boshqa huquqiy muammolar yuzasidan murojaatlar bilan chiqdilar. Sud raislari har bir masalani alohida tinglab, fuqarolarga aniq huquqiy yechimlar va amaliy tavsiyalar berishdi.
— Bunday ochiq muloqotlar fuqarolarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Eng muhimi, odamlar o‘z muammosiga qonun doirasida yechim topish mumkinligini anglab yetadi, — dedi Nukus tumanlararo iqtisodiy sudi raisi S. Niyazov.

Shuningdek, tadbirlarda qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Jumladan, 2025 yil 26 sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tildi.
Mazkur qonun orqali fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, jinoyatchilikning oldini olish hamda qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan muhim o‘zgartishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka qarshi kurashish hamda bu kabi holatlarda jabrlanuvchilarni himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
— Oiladagi zo‘ravonlik jamiyat barqarorligiga tahdid soladi. Shu bois, har bir fuqaro huquqini bilishi va qonun asosida o‘zini himoya qila olishi lozim, — dedi jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudining raisi Sh. Shamambetov.
Fuqarolar bunday uchrashuvlarning ahamiyatini yuqori baholab, sud tizimi vakillariga o‘z minnatdorliklarini izhor etishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri