Fuqarolar bilan muloqot va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish samarali natija beradi
Aholi bilan ochiq va samarali muloqotni ta’minlash, ularning dardu tashvishlarini tinglash va muammolarini hal etishga ko‘maklashish eng muhim vazifalardan hisoblanadi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Eldor Tulyakov Yakkasaroy tumanida 2026-yilning birinchi choragi davomida amalga oshirgan deputatlik faoliyati yuzasidan saylovchilar oldida hisobot berdi.
Tadbirda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari — Uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Obidjon Mo‘minov, Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, tuman faollari, mahalla raislari, kommunal xizmatlar, ijtimoiy soha va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari ishtirok etdi.
Aholi farovonligini oshirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, kommunal xizmatlar sifatini ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar bandligi va tadbirkorlikni rivojlantirish kabi masalalar o‘rtaga tashlandi.
Shuningdek, shahar miqyosida amalga oshirilayotgan islohotlarning joylardagi ijrosi bo‘yicha olib borilgan ishlar haqida ham fikr almashildi.

Bundan tashqari, fuqarolar murojaati bilan ishlash natijalari hamda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar muhokama qilindi.
Uchrashuvdan so‘ng aholi uchun ochiq qabul tashkil etildi. Qabul jarayonida fuqarolar tomonidan uy-joy bilan ta’minlash imkoniyatlari, ipoteka va ta’lim kreditlarini rasmiylashtirish shartlari, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, kommunal sohadagi muammolar, yo‘l va transport infratuzilmasini takomillashtirish kabi ko‘plab masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi.
Fuqarolarning har bir murojaati atroflicha ko‘rib chiqildi. Mas’ul tashkilotlar ishtirokida amaliy yechimlar ishlab chiqildi, ayrim masalalar joyida hal etildi, qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha aniq muddatlar va mas’ul ijrochilar belgilandi.
Eng muhimi, har bir murojaat ortida inson taqdiri, oila manfaati va fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchi turganini inobatga olgan holda, ko‘tarilgan barcha masalalarning ijrosi tuman hokimi va tegishli mutasaddilarning alohida nazoratiga olindi.
Bu borada fuqarolar bilan doimiy muloqot va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.
A.RUSTAMOV, O‘zA