Fuqaro murojaati ijobiy hal etildi
Navoiy viloyati Xatirchi tumani “Ko‘ksaroy” mahallasida yashovchi fuqaro Alimardon Abdiraimov yaxshi niyatlar bilan tuman markazidagi “Samsung” savdo markazidan 9 million 300 ming so‘mga elektroskuter sotib olgan edi.
Fuqaroning xursandchiligi uzoq cho‘zilmadi, boz ustiga nosoz chiqqan elektroskuter masalasida savdo mas’ullariga qayta-qayta murojaat qilib ovvora-yu sarson bo‘ldi. Savdo markazidagi mas’ullar esa fuqaroning murojaatiga e’tiborsizlik bilan turli bahonalarni ro‘kach qilishdan nariga o‘tmadi.
Fuqaro tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi. Murojaat jamiyat mutaxassislari tomonidan joyiga borib o‘rganildi. Savdo markazi mas’ullariga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi amaldagi qonunchilik talablari, iste’molchining huquqlari, xizmat ko‘rsatuvchining majburiyatlari to‘g‘risida batafsil tushuntirildi. Natijada savdo markazi tomonidan elektroskuterning nosoz ehtiyot qismlari yangisiga almashtirilib, soz holatda fuqaroga topshirildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA