Fuqaro muhofazasi instituti hamda Boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi qayta tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi instituti hamda Boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi Akademiya huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti hamda Malaka oshirish markazi etib qayta tashkil etiladi.
Qaror bilan:
a) Akademiyaning umumiy cheklangan shtat birliklari doirasida yagona ta’lim kampusida:
Akademiya huzuridagi Qutqaruvchilar tayyorlash texnikumini;
xorijiy davlatlarning favqulodda vaziyatlar tuzilmalariga oliy ma’lumotli kadrlar va professional qutqaruvchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ta’minlaydigan Xorijiy kadrlarni tayyorlash fakultetini tashkil etish;
b) Akademiyada ikki bosqichli oliy ta’lim tizimida yuqori malakali professional kadrlar tayyorlashni quyidagi shakllarda yo‘lga qo‘yish:
harbiy ta’lim yo‘nalishlarida kunduzgi ta’lim shaklida davlat granti, umumfuqaroviy ta’lim yo‘nalishlarida kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim shakllarida to‘lov-kontrakt asosida bakalavrlar tayyorlash;
favqulodda vaziyatlar davlat tizimi tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar uchun harbiy va umumfuqaroviy mutaxassisliklarida to‘lov-kontrakt, kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim shakllarida magistrlar tayyorlash. Bunda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tuzilmalari uchun harbiy xizmatchilar kunduzgi va masofaviy ta’lim shakllarida davlat granti asosida tayyorlanadi;
v) Akademiyada 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab tajriba-sinov tariqasida "2+2" ta’lim shaklida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlashning quyidagi yangi tizimini joriy etish:
o‘qish muddati ikki yilni tashkil etadigan Akademiyaning harbiy bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy qabul parametrlarining teng ulushida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriatida ikkinchi bosqichni tamomlagan talabalar orasidan davlat grantiga maxsus kasbiy tanlov va ochiqlik mezonlari asosida qabul qilish;
Akademiyaning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga belgilangan qabul parametrlari (kvota) asosida o‘qish muddati to‘rt yil hamda ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim uch yilni tashkil etadigan kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim shakllariga qabul qilish;
Akademiyada umumfuqaroviy bakalavriat ta’lim yo‘nalishida kunduzgi ta’lim shaklida tahlil olayotgan talabalarni ikkinchi bosqichni tamomlagandan so‘ng harbiy bakalavr ta’lim yo‘nalishlariga davlat grantiga maxsus kasbiy tanlov va ochiqlik mezonlari asosida qabul qilish;
g) Akademiyaga respublikaning yirik iqtisodiyot va toifalangan ob’ektlari hamda xavfli ishlab chiqarish korxonalarida faoliyat yuritayotgan fuqaro muhofazasi mutaxassislarini ushbu tashkilotlarning buyurtmasi asosida maxsus kasbiy tanlovlarsiz to‘lov-shartnoma asosida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga imtiyozli o‘qishga qabul qilish;
d) istisno tariqasida, 2022-2023-yillarda Akademiyaga "Yong‘in xavfsizligi" va "Texnosfera xavfsizligi" mutaxassisligi bo‘yicha qabul qilingan kursantlarning o‘qish muddatini to‘rt yil etib belgilash va ularga oliy ma’lumot to‘g‘risidagi davlat namunasidagi bakalavr diplomini berish;
j) 2027/2028 o‘quv yilidan atom energetikasi sohasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash va bunda:
professor-o‘qituvchilar tarkibini ilg‘or xorijiy davlatlarning sohadagi nufuzli ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida qayta tayyorlash va ularning malaka oshirishini tashkil etish;
kursant va talabalarni sohadagi ilg‘or xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qitish, shuningdek, ularni atom energetikasida xavfsizlikni ta’minlashga tayyorlash va amaliyot o‘tashi uchun xorijiy davlatlarga yuborish.
O‘zA