Fransiyaning sanoat va hunarmandchilik yutuqlari Toshkentda namoyish etiladi
O‘zbekiston jahon sayyohlik xaritasidagi o‘z mavqeini faol mustahkamlab, sayyohlarga nafaqat boy tarixiy meros va Buyuk Ipak yo‘lining mashhur shaharlarini, balki xalqaro tadbirlarning sermazmun dasturini ham taklif etmoqda.
2026-yilning 6-7-iyun kunlari poytaxt aholisi va mehmonlari Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan “Fransiyada ishlab chiqarilgan” nomli noyob ko‘rgazmaga tashrif buyurishi mumkin.
Ko‘rgazma Fotosuratlar uyida bo‘lib o‘tadi va unda Fransiya sanoati, innovatsiyalari hamda hunarmandchilik mahoratini aks ettiruvchi 100 dan ortiq eksponat namoyish etiladi.
Mazkur ekspozitsiya har yili Yelisey saroyida o‘tkaziladigan yirik ko‘rgazmaning davomi bo‘lib, poytaxt aholisi va mehmonlariga Fransiyada ishlab chiqarilgan eng sara mahsulotlar bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Ko‘rgazma har kuni soat 10:00 dan 17:00 gacha ishlaydi.
Kirish bepul.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA