Fransiyada saylovga tayyorgarlik qanday kechmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan majlisda ta’kidlanganidek, deputatlikka nomzodlar ro‘yxatga olinishi bilan saylov jarayonining yangi, yanada muhim bosqichi – saylovoldi tashviqoti boshlandi. Bu jarayon saylov qonunchiligi talablari asosida amalga oshiriladi.
Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14-moddasiga muvofiq barcha partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 42-moddasiga muvofiq siyosiy partiya Markaziy saylov komissiyasiga partiya tomonidan ko‘rsatilgan nomzodini nomzodlar ro‘yxatidan chiqarish haqida murojaat qilishi mumkin.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan 79-Jarqo‘rg‘on saylov okrugidan nomzod etib ko‘rsatilgan S.Xoliqovni, O‘zbekiston “Adolat” SDP tomonidan 4-Amudaryo saylov okrugidan nomzod etib ko‘rsatilgan Z.Ziyodullaevni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risidagi murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Shu munosabat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga 79-Jarqo‘rg‘on saylov okrugidan nomzod etib ko‘rsatilgan S.Xoliqov va 4-Amudaryo saylov okrugidan nomzod etib ko‘rsatilgan Z.Ziyodullaevlar Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ro‘yxatidan chiqarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati A.Kirg‘izboev O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamentining mudiri etib tayinlangani, shu munosabat bilan bergan o‘z arizasiga muvofiq uning deputatlik vakolatini muddatidan ilgari tugatish haqidagi masala ham ko‘rib chiqilib, qaror bir ovozdan ma’qullandi.
Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini yoritish ommaviy axborot vositalari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Kun tartibidan joy olgan uchinchi masala, aynan mahalliy va xorijiy OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazishga bag‘ishlandi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasini yoritish yuzasidan mamlakatimiz va chet el jurnalistlaridan yana bir guruhi akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozim, shu kunga qadar MSK tomonidan 225 dan ziyod mahalliy hamda 60 dan ziyod xalqaro jurnalistlar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Majlisda Fransiya Respublikasida ochilgan saylov uchastkalari faoliyatini tashkil etish yuzasidan O‘zbekistonning Fransiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustamboev bilan onlayn aloqa o‘rnatildi.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi doirasida fuqarolar, mehnat jamoalari, turli ta’lim dargohlari hamda yoshlar o‘rtasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Saylovchilarning ovoz berishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Buning uchun saylov uchastkasi tuzildi. Saylov kodeksiga muvofiq elchixona tomonidan mazkur saylovlarda ishtirok etish istagini bildirgan fuqarolarning ro‘yxatini tuzish boshlangan.
Fransiyadagi O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalarida 398 fuqaro doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan. Ular asosan Parijda yoki unga yaqin bo‘lgan hududlarda istiqomat qilishadi. Ularning saylovda o‘zlari xohlagan nomzodga erkin ovoz berishlarini ta’minlash bo‘yicha barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Parij shahrida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi elchixonasida bitta saylov uchastkasi tashkil etilgan.
Ushbu muhim siyosiy jarayonga oid ma’lumotlar bilan tanishish istagida bo‘lgan O‘zbekistonning Fransiyadagi fuqarolari endilikda elchixonaning rasmiy veb-saytiga kirib, saylov qonunchiligidagi yangiliklar, ovoz berish manzili va kuni, vaqti hamda boshqa ko‘plab axborotlarni olishlari mumkin.
Xalqaro matbuot markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limining saylov jarayoniga tayyorgarligi haqidagi axboroti tinglandi.
Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazi Qashqadaryo viloyat bo‘limi tomonidan bugungi kunga qadar o‘tkazilgan 900 dan ziyod targ‘ibot tadbiri mahalliy va respublika OAV orqali keng yoritilgan. Qarshi teleradiokanalida 7 ta, Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasida 32 ta rolik, 18 ta ko‘rsatuv, 15 ta eshittirish va 90 marotaba axborot dasturlarida lavhalar efirga uzatilgan. “Qashqadaryo” gazetasi, shahar va tuman ijtimoiy-siyosiy gazetalari orqali 145 dan ziyod material e’lon qilingan.