Fransiyada qonunning ziddiyatli 24-moddasi qayta yoziladi
Fransiya hukumati politsiyaning zo‘ravonligi va javobgarligi bilan bog‘liq me’yorlar yuzasidan qizg‘in bahs-munozaralar davom etayotgan, butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari avj olgan bir paytda xavfsizlik bo‘yicha ziddiyatli qonunni butunlay qayta yozishga qaror qildi.
Bu haqda prezident Emmanuel Makronning LRYeM harakati vakili bo‘lgan parlamentlar guruhi xabar berdi.
"Jahon xavfsizligi to‘g‘risida" gi qonunning bir qismi - "24-modda" politsiyachilarga zarar yetkazish niyatidagi kimsalarni onlayn tarzda suratga olish huquqbuzarlikka olib keladi, degan tushunchadan iborat. Bu politsiyaga jazosiz harakat qilish uchun kengroq imkon beradi.
"Hukumat bahsli moddani butunlay qayta yozishni taklif qiladi", - dedi dushanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida LRYeM parlament guruhi yetakchisi Kristof Kastaner.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Kastaner ilgari ichki ishlar vaziri edi.
"Biz hanuz shubha, anglashilmovchilik davom etayotganini bilamiz. Endi norozilikka barham berish kerak, chunki bunday jiddiy mavzuda tushunmovchilik kuchayishi to‘xtatilmasa, mamlakat jabrlanadi", deydi u.
O‘tgan hafta Fransiya parlamentida muhokamaning birinchi bosqichidan o‘tgan xavfsizlik to‘g‘risidagi yangi qonunga qarshi bo‘lgan o‘n minglab kishilar ko‘chalarga chiqib, o‘z noroziligini bildirishdi. Parijda va yana bir necha joyda to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Xavfsizlik kuchlari 98 xodimi jarohat oldi, 81 nafar fuqaro hibsga olindi.
Aholining ko‘pchilik qismi 24-moddani qaytarishga chaqirgan. Natijada norozilik ko‘tarilib, siyosiy ziddiyat kuchaydi.
Kastaner Fransiya Milliy Assambleyasidagi matbuot anjumanida 24-moddaning ikki maqsadi borligini aytdi: birinchisi xavfsizlik kuchlari a’zolarini zo‘ravonlikka undashdan saqlanish, ikkinchisi matbuot erkinligini ta’minlash va jurnalistlar yoki jamoatchilik vakillari tomonidan axborot berish. "Bunday erkinlik bizning qonimizda bor", - deya qo‘shimcha qilarkan, u surat nashr etish, translyatsiya qilish yoki axborotni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirishni taqiqlash niyati yo‘qligini ham ta’kidladi.
O‘zA