Fransiyada JCH-2026 terma jamoasi o‘yinlarini kinoteatrlarda bepul namoyish etish masalasi muhokama qilinmoqda
Tashkilot rahbarining ta’kidlashicha, chekka qit’ada o‘tadigan turnir xarajatlari oddiy ishqibozlar uchun og‘irlik qiladi.
Fransiya futbol federatsiyasi (FFF) prezidenti Filipp Diallo AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadigan JCh-2026 musobaqasiga chiptalar narxi o‘ta yuqori ekanligi va bu borada yuzaga kelayotgan muammolar haqida gapirdi.
Tashkilot rahbarining ta’kidlashicha, chekka qit’ada o‘tadigan turnir xarajatlari oddiy ishqibozlar uchun og‘irlik qiladi.
— Ayrim ashaddiy muxlislarimiz uchun, yo‘l va transport xarajatlarini ham qo‘shib hisoblaganda, AQSHga borish va u yerda terma jamoani bevosita qo‘llab-quvvatlash moliyaviy jihatdan ancha qiyinchilik tug‘diradi, — dedi Filipp Diallo.
Fransiyalik futbol muxlislari o‘z milliy jamoalarining yirik turnirdagi ishtirokini bemalol kuzatib borishlarini ta’minlash maqsadida, federatsiya rahbariyati o‘zgacha va ijtimoiy loyihani yo‘lga qo‘ymoqda. Dialloning ma’lum qilishiga ko‘ra, FFF yirik kinoteatrlar tarmoqlari bilan muzokaralar olib bormoqda. Mazkur muzokaralardan maqsad — mamlakat ichidagi kinoteatrlarda Fransiya terma jamoasi ishtirokidagi uchrashuvlarning bepul to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyalarini tashkil etishdir.
— Futbol va jahon chempionati o‘zining ommaviyligini yo‘qotmasligi, har bir inson uchun ochiq va hamyonbop bo‘lib qolishi lozim, — deya federatsiya qarorini izohladi tashkilot prezidenti.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, JCh-2026 guruh bosqichi qur’a natijalariga ko‘ra, Fransiya milliy terma jamoasi «D» guruhidan joy olgan bo‘lib, guruh bosqichida Senegal, Iroq hamda Norvegiya terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.