Fransiyada issiq sabab atom reaktorlari to‘xtatildi (+video)
Fransiyaning davlat energetika kompaniyasi rekord darajadagi issiq ob-havo tufayli ikki atom reaktorini vaqtincha to‘xtatdi, deb xabar berdi Euronews nashri.
Bu qaror daryolardagi suv ekotizimini muhofaza qilish maqsadida qabul qilingan. Mamlakatda ayni kunlarda issiqlik oqibatida kamida 18 kishi vafot etgan, 18-iyundan buyon esa kamida 40 kishi cho‘kib halok bo‘lgan.
To‘xtatilgan reaktorlar Parij shimolidagi Sena daryosi va Lion yaqinidagi Rona daryosi sohilidagi AESida joylashgan. Daryo suvining harorati ko‘tarilgani uchun davlat energetika kompaniyasi qonun talabiga muvofiq reaktorlarni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Bu daryoga reaktorlardan tabiatga zarar yetkazadigan darajada issiq suv chiqarilishining oldini olishga qaratilgan.
Atom elektr stansiyalari reaktorlarni sovitish uchun daryo suvidan foydalanadi. Sovitilganidan keyin suv yana daryoga qaytariladi, ammo u avvalgidan bir necha daraja issiqroq bo‘ladi. Jazirama kunlarda daryolar ham qizib ketgani uchun stansiyalar ishlab chiqarish hajmini qisqartiradi yoki vaqtincha to‘xtatadi. Shuningdek, bu ishlar suvdagi o‘simlik hamda hayvonot dunyosini himoya qilish uchun amalga oshirilgan.
Dushanba kuni Fransiya janubi-g‘arbidagi Garonna daryosi bo‘yida joylashgan Golfesh AESida ham bir reaktor to‘xtatildi. Shuningdek, boshqa bir qator atom stansiyalarida ham elektr ishlab chiqarish qisqartirilgan. O‘tgan yili Fransiya elektr energiyasining qariyb 70 foizi aynan atom stansiyalarida ishlab chiqarilgan. Shunga qaramay, Fransiya elektr tarmog‘i operatori mamlakatda aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun yetarli quvvat mavjudligini, ayrim reaktorlar to‘xtatilsa ham ta’minotda muammo bo‘lmasligini bildirdi.
Fransiyaning 96 departamentidan yarmidan ko‘pida hayot uchun xavfli deb baholangan qizil darajadagi ogohlantirish e’lon qilindi. Fransiya milliy meteorologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 23-iyun 1947-yildan beri kuzatilgan eng issiq kun bo‘ldi.
Issiqlik to‘lqini faqat Fransiya bilan cheklanmayapti. Germaniya, Ispaniya, Portugaliya va Shveysariyada ham kuchli jazirama kutilmoqda. Ayrim joylarda yuzlab maktablar yopilmoqda yoki darslar qisqartirilmoqda. Parij va Bryusselda poyezdlar harakati ham texnik nosozliklarning oldini olish maqsadida cheklandi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/DAtdlmstLTE" title="Fransiyada issiq sabab atom reaktorlari to‘xtatildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA