Fransiya Yangi Kaledoniyaga qo‘shin kiritdi
Fransiya tartibsizlik ortidan Yangi Kaledoniyaga askarlarni olib kirdi. Bu haqda inqiroz munosabati bilan o‘tkazilgan majlisda mamlakat Bosh vaziri Gabriel Attal ma’lum qildi. Majlis BFMTV telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilindi.
“RIA Novosti” yozishicha, hukumat boshlig‘i “Fransiya armiyasi harbiylari Yangi Kaledoniya oroliga aeroport va portlarda xavfsizlikni ta’minlash uchun joylashtirildi”, – deya bayonot bergan.
Attal ta’kidlashicha, Qurolli kuchlar yordamini dengiz orti hududi oliy komissari Lui Le Fran so‘ragan. Orolda “TikTok” ijtimoiy tarmog‘i taqiqlab qo‘yilgan.
Tinch okeanidagi orollar guruhidan iborat, mamlakat chegarasidan qariyb 20 ming kilometr masofada joylashgan Yangi Kaledoniya ustidan hukmronligini Fransiya 1853 yil e’lon qilgan. Hozir 270 ming kishi istiqomat qilayotgan mazkur ob’ektga alohida ma’muriy-hudud maqomi berilgan.
Ayni payt Yangi Kaledoniyada favqulodda vaziyat tartibi e’lon qilingan. Fransiya Vazirlar Mahkamasi rasmiy vakili Priski Teveno ma’lumot berishicha, Favqulodda vaziyat to‘g‘risida chiqarilgan dekret 12 kungacha amal qiladi.
Respublika ichki ishlar vaziri Jerald Darmanen namoyish boshida turgan, orol mustaqilligini talab qilayotgan ikki shaxsni uy qamog‘ida ushlashga ko‘rsatma bergan.
OAV yozishicha, payshanba kuni ertalab Prezident Emmanuel Makron vaziyatni baholash uchun Xavfsizlik Kengashi majlisini chaqiradi.
13 may kuni orol markazi Numeada boshlangan tinch namoyish keyinchalik tartibsizlikka aylanib ketdi. Buzg‘unchilar do‘kon, dorixona, yonilg‘i quyish shoxobchasi va avtomobillarni yoqib, talon-taroj qildi. To‘rt kishi, jumladan 22 yoshli jandarm halok bo‘ldi. Yuzlab odamlar, o‘nlab xavfsizlik kuchlari xodimlari yaralandi.
Tartibsizlikni keltirib chiqarayotganlar, xususan voyaga yetmagan yoshlar Fransiya parlamentida muhokama qilinayotgan qonun loyihasiga qarshi chiqmoqda. Hujjat Yangi Kledoniyada o‘n yildan ko‘p yashagan shaxsga mahalliy saylovda ishtirok etish huquqi berilishini nazarda tutadi.
Taxminga ko‘ra, mitingni orol mustaqilligi tarafdori bo‘lgan tub aholi, Kanaki xalqi vakillari uyushtirgan. Ular agar so‘nggi 20 yilda orolga kelib yashayotgan yevropaliklarga ovoz berish huquqi berilsa, tub aholi ozchillikni tashkil etib qolishidan xavotir bildirmoqda.
Hozir Numea bitimi imzolangunga qadar, ya’ni 1998 yilgacha orolga kelganlar va ularning bolalari saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan, xolos.
S.Rahimov,
O‘zA