Fransiya Nigerdan so‘nggi harbiylarini chiqaradi
Terrorchilikka qarshi kurash maqsadida Nigerda bo‘lib turgan Fransiyaning so‘nggi askari juma kuni mamlakatni tark etadi. 1,5 minglik fransuz kontingentini olib chiqish amaliyoti oktyabrda boshlangan edi.
Fransuz harbiylarining Nigerda bo‘lishi ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan bir qator harbiy kelishuvlar orqali muvofiqlashtirib boriladi. 2022 yilda Prezident Muhammad Bazum fransiyalik askarlar Malidin olib chiqilgandan keyin terrorchilik o‘choqlariga barham berish maqsadida Niger g‘arbiga qo‘shimcha kontingent joylashtirishni so‘rab murojaat qilgandi.
Joriy yil 26 iyulda Nigerda Prezident gvardiyasidan bir guruh harbiylar isyon ko‘tarib, Prezident Bazumning hokimiyatdan chetlashtirilgani haqida e’lon qildi. Mamlakatni boshqarish uchun gvardiya qo‘mondoni Abdurahmon Tchiani rahbarligida Vatanni himoya qilish bo‘yicha milliy kengash shakllantirildi. 10 avgustda Tchiani o‘tish davri hukumatini tuzishga farmon chiqardi.