Fransiya Afrikada yangi sheriklar izlamoqda
Keniya poytaxti Nayrobida Fransiya va Afrika davlatlari rahbarlari ishtirokida “Africa Forward” sammiti bo‘lib o‘tmoqda. 1973-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan ushbu formatdagi uchrashuv ilk bor ingliz tili ustuvor bo‘lgan mamlakatda tashkil etilgani bilan ahamiyatli, deb xabar berdi “The Guardian” nashri.
Anjumanda 30 dan ortiq davlat va hukumat rahbari, Afrika Ittifoqi va xalqaro moliyaviy institutlar vakillari qatnashmoqda. Muzokarada energetika tizimi o‘zgarishi, xavfsizlik, xalqaro moliya tizimini isloh qilish va investitsiya hamkorligi kabi muhim masalalar muhokama qilinmoqda.
Emmanuel Makron sammit doirasida Fransiya Afrika bilan munosabatni teng sheriklik asosida qayta qurish istagida ekanni ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Parij endi o‘zaro manfaat va amaliy natijaga tayanadigan hamkorlik tashabbusini ilgari suradi.
Keniya Prezidenti Uilyam Ruto Afrika va Fransiya o‘rtasidagi munosabatda yangi bosqich boshlanganiga urg‘u berib, sheriklik o‘zaro hurmat va umumiy mas’uliyat tamoyiliga asoslanishi lozimligini qo‘shimcha qildi.
Kuzatuvchilar fikricha, forum Fransiyaning Afrika bo‘yicha siyosatidagi o‘zgarishni namoyon etmoqda. So‘nggi yillarda Parijning Mali, Niger va Chad kabi sobiq mustamlakalari bilan munosabati keskin sovuqlashdi. Ayrim davlatlar Fransiya harbiylari mamlakatni tark etishi talabini qo‘yib, mudofaa kelishuvini bekor qilgan.
Tahlilchilar fikricha, Nayrobidagi yig‘in Fransiya qit’adagi ta’sirini faqat frankofon hudud bilan cheklamaslikka urinayotganini ko‘rsatadi. Parij endi iqtisodiy va diplomatik hamkorlikni kengaytirish orqali Afrikada yangi sheriklar topishga intilmoqda.
D.Hakimov, O‘zA