Fotoreportyor ijodiga chizgilar
3 may – Butunjahon matbuot erkinligi kuni
O‘zA degan tashkilot kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolmagan. Unga qanchadan qancha biz bilib-bilmagan ijodkorlar, muharrirlaru texnik xodimlar, fidoyi mutaxassislar, tarjimonu fotomuxbirlarning mehnati singgan.
Bu yerda odamlarning sochi oqargan, kunlarni tunlarga ulab umri o‘tgan, tongga qadar mamlakat hayotiga oid eng so‘nggi yangiliklarni yoritishga vijdonan va halol yondashganlar. Hozir ham shunday! Taniqli fotojurnalist Rustam aka Shagayev O‘zAda ishlagan fidoyi jurnalistlardan biridir.
Ishga endigina kelgan kezlarimda Rustam akaning ancha bamaylixotir, xotirjam idoraga kelib-ketishini, ba’zida nimalarnidir berilib yozayotganiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Tabiatan kamtar, kamgap Rustam aka bir og‘iz ham gapirmayin, tadbirning duch kelgan joyida holat-lahzalarni “shaq-shuq” etib rasmga olardi-da, bir zumda ishini bitirardi. Uning suratlarni atayin uyushtirib olish odati yo‘q. Shundanmi, fotoijodkorning rasmlari juda tabiiy, hayotiy. Uning yana bir odati – ko‘pincha o‘zi olgan suratlarga o‘zi ocherk, maqola, lavha tayyorlaydi. U yozgan maqolalar uncha-muncha muxbirning materialidan pishiq-puxta bo‘lardi. Zavqli, tez o‘qiladi. Sababi fotoijodkorning ziyrak nigohi, teran mantiqiy mushohadasi, katta hayot tajribasi bilan tayyorlangan material boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. "Mehnat shuhrati" ordeni sohibi Rustam Shagayev o‘zbek fotografiya san’atini xorijiy davlatlarda munosib tarzda namoyish etayotgan ijodkordir.
[gallery-2260]
Yaqinda Rustam Shagayevning "Ob’ektivda: odamlar, vaqt, voqeliklar" ("V ob’ektive: lyudi, vremya, sobыtiya") nomli kitobi nashrdan chiqdi. Kitobdan o‘rin olgan hujjatli hikoyalar, ocherk va reportajlar, turkum maqolalarni o‘quvchi qiziqib mutolaa etishi tabiiy. Sababi, unda bayon etilganlarning bari ravon, lo‘nda, hayotiy, ham qiziqarli tarzda ifoda etilgan. E’tiborga molik jihati, kitobda balandparvoz, pafosga to‘la, zerikarli hikoyaning o‘zi yo‘q. Yozilganlarning bari fotoijodkorning bevosita o‘zi guvoh bo‘lgan, o‘rgangan, tahlil qilgan, mushohada etgan, voqeliklar, jiddiy o‘ylanib taroziga solingan fikrlardir.
Kitobda o‘zi kamtarin va oddiy odamlar bo‘lsa-da, biroq ma’naviyati, qalb saxovati bilan har qanday boylarga ibrat bo‘lgulik Shomahmudovlar oilasi, undan panoh topgan bolalar taqdiri haqidagi lavhalar o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Ayni paytda xalqimizning sevimli farzandi, atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof ota Rashidov, bebaho konlarning bilimdoni, geolog olim Ibrohim Hamroboyev, daho shoirimiz Abdulla Oripov, buyuk san’atkor Botir Zokirov va boshqa yana ko‘plab insonlar haqidagi ocherklarda qahramonlarning ichki dunyosi, asliyati, o‘zligi yaqqol ochib berilgani diqqatga sazovor. O‘quvchi muallif bilan birga goh Ro‘zi Choriyev ustaxonasida, gohi xonanda Nasiba Abdullayeva xonadonida bo‘ladi. Ba’zan fazogirlar yoxud mohir oshpaz gurungiga beixtiyor qo‘shilib ketganini sezmay qoladi. Bunda rahmatli Mashrab Boboyevning ishga, ijodga nechog‘li fidoyilik bilan yondashganiga guvoh bo‘lasiz.
Muallif tilga olgan qahramonlarning bari oddiylikda, kamtarlikda, odamgarchilik, saxovatda buyuk insonlar ekaniga yana bir karra ishonch hosil qilamiz. Muallifning "Afg‘on kundaligi" turkumidagi maqolalarini esa hayajon va iztirobsiz o‘qib bo‘lmaydi. Jafokash xalqning buguni, og‘riqli nuqtalari ularda ro‘y-rost ochib berilgan.
Kitob yana shunisi bilan qadrliki, unda o‘zbek jurnalistikasi, shu jumladan, O‘zA ijodiy ustaxonasidagi jarayon ham o‘ziga xos tarzda ochib berilgan.
Bugun matbuot erkinligi haqida har qachongidan ham ko‘proq gapirilmoqda. Muammolar boricha aytilmoqda. Rustam Shagayev esa so‘z erkinligi mas’uliyatini hamisha teran anglaydigan ijodkordir.
Nazokat Usmonova,O‘zA