Forishda yangi xususiy klinika ishga tushdi
Jizzax viloyatining Forish tumani markazi Bog‘don shaharchasida “Forish shifo” xususiy klinikasi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimligi, sektorlarva mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, mehnat faxriylari, sog‘liqni saqlash tizimi vakillari, klinika jamoasi, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda tuman hokimi I.Matiyev, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari I.Xolnazarov, faxriy shifokor Avazxon Begiyev va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar barcha sohalar singari tibbiyot soxasida ham o‘zining yorqin samaralarini berayotganini, mamlakatimizda keng nishonlanayotgan “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami hamda yangi klinikaning ishga tushirilishi bilan barcha yig‘ilganlarni samimiy qutladi.

Prezidentimizning 2017 yil 1 apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni ya’nada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingandan keyin yurtimizda xususiy tibbiyotni rivojlantirish yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlatimiz rahbarining yuqorida bayon etilgan qarori e’lon qilingunga qadar xususiy tibbiy muassasalariga 177 turdagi tibbiy xizmatlarning atiga 50 tasiga ruxsat berilgan bo‘lsa, mazkur qaror e’lon qilingandan keyin esa barcha turdagi tibbiy xizmatlar bilan shug‘ullanishga ruxsat berildi.

Jahon andozalariga mos ushbu 2 qavatli tibbiy muassasa – ham shifokor, ham tadbirkor Sherzod Suvonov tomonidan bunyod etilidi.
Shifo maskanining umumiy loyiha qiymati 2 milliard so‘mni tashkil etib, shundan 1 milliard 800 million so‘mi shaxsiy, 200 million so‘mi bank krediti mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri keldi. Bu yerda bemorlarga tashxis qo‘yish va davolash uchun malakali vrach va tibbiyot xodimlari jalb etilgan bo‘lib, eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan, bemorlar va jamoa a’zolari uchun vitaminlargaboy lazzatli taomlar tayyorlash uchun oshxona va 24 o‘rinli oshxona va boshqa barcha zarur sharoitlar bekamu-ko‘st yaratilgan.

Mazkur xususiy klinika aholiga 6 ta yo‘nalish bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan bo‘lib, bu yerda bir vaqtning o‘zida 20 nafar bemor yotib davolanishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Uzoq tuman markazida barpo etilgan klinikaning ikkinchi qavatida jarrohlik amaliyoti ham amalga oshirilishi to‘liq yo‘lga qo‘yilganligini ham shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish joiz.

Yangi “Forish shifo” xususiy klinikasining ishga tushirilishi hisobiga 15 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat) O‘zA