Forishda yangi mehmonxona ish boshladi
Jizzax viloyatining Forish tumani markazi Bogʻdon shaharchasida yangi zamonaviy mehmonxona qurib bitkazildi.
Jizzax viloyatining Forish tumani markazi Bogʻdon shaharchasida yangi zamonaviy mehmonxona qurib bitkazildi.
Tumanda turizmni rivojlantirish dasturi doirasidagi loyihalardan biri boʻlgan yangi mehmonxonani “Mustaqillik” firmasi ishga tushirdi. Tuman hokimligi balansidagi boʻsh binoni “nol” qiymatda olgan firma uni qayta qurib, zamonaviy ikki qavatli zamonaviy mehmonxonaga aylantirdi.
Yangicha meʼmoriy uslubda bunyod etilgan mehmonxona 80 oʻrinli boʻlib, xonalari zamonaviy mebellar bilan jihozlanib barcha qulayliklar yaratilgan. Mehmonxona tarkibida 44 oʻrinli restoran ham ishga tushirildi.
Bogʻdon shaharchasining qirga tutash balandlik qismida joylashgan mehmonxonadan tuman markazi va atrofdagi qishloqlar manzarasi yaqqol koʻrinib turadi.
Turkiston togʻlarining Qizilqum choʻliga, Aydar-Arnasoy koʻllariga tutash qismida joylashgan Forish tumani tabiati mamlakatimizning ekosayyohlarni jalb etadigan hududlaridan hisoblanadi. Keyingi yillarda sayyohlarga Nurota togʻlari bagʻridagi qishloqlarda, koʻl sohilida barpo etilgan oʻnlab mehmon uylari, kempinglar xizmat koʻrsatib kelayotir. Tuman markazida zamonaviy mehmonxona ham ishga tushishi sayyohlarga yana bir katta qulaylik yaratdi.