Forishda Xotira va qadrlash kuniga taraddud qizg‘in
Yana sanoqli kunlardan keyin xalqimiz Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kunini keng nishonlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 fevraldagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning
80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarni “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi” shiori ostida yuqori saviyada o‘tkazish belgilangan.
Forish tumanida davlatimiz rahbari qarori ijrosini ta’minlash hamda ushbu sanani yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilanib, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Ikkinchi jahon urushida 3884 nafar forishlik jangu jadallarda qatnashib, ularning 2160 nafari qonli janglarda halok bo‘lishgan. Omon qolganlari ham mayib-majruh holda o‘z ona qishloqlariga qaytib kelishgan. Yana qanchasi bedarak ketgan.
Tumanda o‘tkazilayotgan har bir tadbirda yoshlarga Ikkinchi jahon urushining ayanchli oqibatlari haqida ma’lumotlar berish bilan birga, mard va jasur forishliklarning jang maydonlarida ko‘rsatgan qahramonliklari, front ortini mustahkamlashda fidoyilik ko‘rsatgan bobo va momolarimizning hayot yo‘llari ibrat qilib ko‘rsatilmoqda.
Shu bilan birga yoshlar Vatanni sevish, tinchlikning qadriga yetish, bugungi yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlardan samarali foydalanishga da’vat etilmoqda.
Tumandagi mahallalarda 9 may – Xotira va qadrlash kuni oldidan mahalla ahli ishtirokida hasharlar tashkil etilib, mahallalar, ko‘chalar, xiyobon va qabristonlar tozalanib, obodonlashtirilmoqda.
Tashkil etilayotgan hasharlarda nuroniylar, yoshlar faol ishtirok etishmoqda.
Forish tumanining Do‘stlik mahallasida joylashgan “Hazrati Eshon xalifa” qabristonida mahalla ahli ishtirokida hashar tashkil etildi.Hashar davomida qabriston atrofi, suv yo‘llari turli chiqindilardan tozalanib, obodonlashtirildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri