“Forish” tog‘ poligonida harbiy yig‘in mashg‘ulotlari
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘ poligonida mahalliy davlat hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashma va tashkilotlar rahbarlari ishtirokidagi harbiy yig‘inga start berildi.
Ushbu yig‘inda Jizzax, Samarqand hamda Navoiy viloyatlari, tuman va shahar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, xo‘jalik birlashma hamda tashkilot rahbarlari mamlakat mudofaasini tashkillashtirish doirasida yuklatilgan vazifalar bajarilishi samaradorligini oshirish uchun bevosita harbiy xizmat muhitida bo‘ladilar.

Dastlab yig‘in signali bo‘yicha viloyat mudofaa ishlari boshqarmasiga kelgan yig‘in ishtirokchilariga okrug qo‘mondonligi tomonidan harbiy o‘quvlarda zarur bo‘ladigan kiyim-kechak va anjom-aslahalar topshirildi. Ishtirokchilar harbiy-hisob mutaxassisligi bo‘yicha guruhlarga taqsimlanib, ularga yig‘in davomida rejalashtirilgan mashg‘ulotlar va kun tartibidagi masalalar yetkazildi.

Ishtirokchilar “Forish” tog‘ poligoniga kelib, u yerda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar va bugungi kunda milliy armiyamizda mavjud jangovar texnikalar hamda qurol-aslahalar bilan tanishdi.
Marosimda so‘zga chiqqan okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Farrux Ziyabayev, Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov hamda Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov so‘zga chiqib, yig‘in ishtirokchilarini qutladi va bir necha kun davom etadigan mashg‘ulotlarda ularga omad tiladi.

Mazkur yig‘inda ishtirokchilar jangovar tayyorgarlik fanlari bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish yo‘li bilan avval olingan harbiy ko‘nikmalarini qayta tiklashi, hududiy mudofaa va fuqarolarni himoya qilishda daxldorlik hislarini yanada oshirishi talab etiladi.

Shuningdek, yig‘in ishtirokchilari mashg‘ulotlar davomida aloqa, taktik-tibbiy, harbiy sport hamda otish tayyorgarliklaridan o‘tib, o‘zlarining bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlab oladi.


Bulardan tashqari, ishtirokchilar operativ, safarbarlik, axloqiy-ruhiy, taktik tayyorgarliklardan o‘tish orqali zamonaviy armiyamizda olib borilayotgan islohotlardan atroflicha boxabar bo‘ladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari