Fitch Ratings bahosi: "Uzbekistan Airports" AJ xalqaro maydondagi ishonchini yanada mustahkamladi
Xalqaro reyting agentligi Fitch Ratings "Uzbekistan Airports" aksiyadorlik jamiyatining uzoq muddatli kredit reytingini “BB” darajasida tasdiqlab, reyting prognozi “Barqaror” (Stable) darajasidan “Ijobiy” (Positive) darajasiga oshirdi.
Bu qaror kompaniya faoliyatida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro moliya institutlari tomonidan yuqori baholanayotganining yana bir muhim tasdig‘i bo‘ldi.
So‘nggi yillarda “Uzbekistan Airports” tomonidan moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, korporativ boshqaruvni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, moliyaviy hisobotlarni xalqaro talablarga moslashtirish hamda operatsion samaradorlikni oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. “Fitch Ratings” aynan shu omillarni reyting prognozi yaxshilanishining asosiy sabablari sifatida e’tirof etdi.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur qaror nafaqat kompaniyaning moliyaviy salohiyatini, balki O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi ortib borayotganini ham namoyon etadi. Shuningdek, mamlakat transport va aviatsiya infratuzilmasini rivojlantirishda “Uzbekistan Airports” strategik ahamiyatga ega ekani yana bir bor xalqaro darajada tasdiqlandi.
Reyting prognozining “Ijobiy” darajaga ko‘tarilishi kompaniya uchun yangi imkoniyatlarni ochadi. Xususan, xalqaro kapital bozorlaridan mablag‘ jalb qilish, yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, xorijiy investorlar hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlari ortadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda aeroportlar infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va xalqaro aviatsiya bozorida raqobatbardoshlikni kuchaytirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar davom etmoqda. “Fitch Ratings”ning mazkur bahosi ana shu islohotlarning to‘g‘ri yo‘nalishda olib borilayotganini ko‘rsatuvchi muhim xalqaro e’tirof sifatida baholanmoqda.
“Uzbekistan Airports” kelgusida ham moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash, zamonaviy korporativ boshqaruv tamoyillarini yanada keng joriy etish hamda mamlakat aeroportlarini xalqaro talablar darajasida rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlarni izchil davom ettirishni rejalashtirmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA