Fiskal institutini tashkil etishdan maqsad nima?
Soliq xizmati uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan o‘zgartirish masalasi mamlakatimiz rahbariyati tomonidan joriy yil avvalida ko‘tarilgan edi. Ushbu maqsadlar uchun nufuzli xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va xalqaro tajribadan foydalanish taklif qilindi. Davlat soliq qo‘mitasida mazkur masala bo‘yicha bir necha bor chet el oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, tajriba almashildi.
2020 yil 4 noyabr kuni ayni shu yo‘nalishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institutni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Xo‘sh, qaror qabul qilinishining zarurati nimada? Yangi tashkil etilgan institutning soliq to‘lovchilar uchun qanday foydasi bor? Bu haqida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi Namangan viloyati bo‘limi boshlig‘i Orifjon Abdullayev quyidagilarni so‘zlab berdi:
- Tahlillardan ma’lumki, bugungi kunda 197 mingdan ortiq yoki 73-74 foiz kichik biznes sub’ektlarining buxgalterlari mavjud emas. Bu esa hisob-kitoblarda, soliq majburiyatlarini bajarish, ayniqsa qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) hisoblashda ular uchun qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda. 2019 yilda yangi tashkil etilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning 20 foizi bir yil ichida faoliyatini to‘xtatgan.
Ko‘rinib turibdiki, moliya va soliq sohasida nazariy bilimlari amaliyot bilan uyg‘unlashtirilgan kadrlarga ehtiyoj katta. Barcha zamonaviy talablarga javob bera oladigan kadrlar tayyorlash bilan shug‘ullanadigan oliy ta’lim muassasasining paydo bo‘lishi sohadagi dolzarb muammolarga yechim bo‘ladi.
Muhimi shundaki, hujjatga asosan yangi ta’lim muassasasida o‘quv jarayoni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi. Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institut zamonaviy dunyoqarashga va ilg‘or axborot texnologiyalari bilan erkin muloqot qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan yangi avlod soliq xodimlarini tarbiyalaydi. Asosiy maqsad – moliya va soliq sohalari uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning zamonaviy tizimini yaratish.
Yangi institutda “Soliqlar va soliqqa tortish” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr va magistrlar tayyorlanadi. Xususan, moliyaviy nazorat va audit hamda soliq, moliya va tijorat huquqi, iqtisodiy sohalarda axborot texnologiyalarini mukammal egallagan bitiruvchilar yetishib chiqadi. Yuqori darajadagi fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib boriladi.
Shuningdek, xorijiy o‘quv muassasalari bilan tajriba almashishga va ta’lim jarayoniga xorijiy olimlar va mutaxassislarni faol jalb qilishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, institut tuzilmasida Rossiya Federatsiyasi Hukumati huzuridagi Moliya universiteti bo‘linmasi (fakulteti) tashkil etiladi. Mazkur institut tizimda ishlab tajriba orttirgan o‘rta maxsus malakali xodimlarni oliy ma’lumotli mutaxassislar etib tayyorlash imkonini beradi.
Yana bir muhim jihati, hozirda mavjud bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarida soliq organlari faoliyatida foydalanilayotgan 50ga yaqin axborot dasturlari bo‘yicha ta’lim berilmasligi soliq sohasida faoliyat boshlayotgan yosh kadrlarda dastlabki moslashish jarayonlarining uzoq cho‘zilishiga sabab bo‘lmoqda. Yangi tashkiletilgan institut bitiruvchilari mazkur dasturlar bo‘yicha to‘liq nazariy va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar – Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education va Academic Ranking of World Universities reytinglarining barchasida bir vaqtda birinchi 1000 ta o‘rinni egallagan oliy ta’lim tashkilotlarining ta’lim dasturlaridan foydalangan holda o‘qitish tashkil etiladi.
Hujjatga muvofiq 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Farg‘ona va Toshkent soliq kollejlari institut huzuridagi Farg‘ona va Toshkent soliq texnikumlari etib, qayta tashkil etiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi institutning tashkil etilishi, soliq organlarining soliq to‘lovchilar hamkori va maslahatchisi sifatidagi “Soliqchi-ko‘makchi” sifatidagi imijini oshirishda, aholida soliq organlariga nisbatan ishonchining mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.