Firibgarning soxta hujjatlari fosh etildi
Soxta hujjatlar tayyorlash orqali boshqa oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirib berish evaziga 20 million so‘m miqdoridagi pullarni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxs fosh etildi. Bu haqida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Buxoro viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Natijada Buxoro shahar Gulshan ko‘chasida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro H.H. ismli ayol boshqa bir fuqaroni aldab, uni Qirg‘iziston Respublikasidagi Tibbiyot universitetining 1- va 2-bosqichlarini o‘qiganligi to‘g‘risida soxta hujjatlarni tayyorlab, Buxoro shahridagi Xalqaro Osiyo universitetining Farmatsevtika yo‘nalishi bo‘yicha 3-bosqichiga ko‘chirib berish evaziga 26 million so‘m pullarni berishini talab qiladi. 2023 yil 10 iyun kuni soat taxminan 18:00 larda Buxoro shahar Mironshoh to‘yxonasi to‘g‘risida joylashgan erkaklar kiyim do‘konida kimyoviy ishlov berilgan 20 million so‘m pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanadi.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro H.H. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Ushbu shaxsning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA