Firibgardan yetkazilgan zarar undirildi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasining Yangi Namangan tumani bo‘limi ish yurituvidagi fuqarolar foydasiga zarar undirish bilan bog‘liq hujjatlar ijrosini ta’minlash borasida tizimli tadbirlar ko‘rilmoqda.
Navbatdagi olib borilgan majburiy ijro harakatlaridan so‘ng huquqi buzilgan shaxs foydasiga salkam 1,4 milliard so‘m zarar miqdori to‘liq undirib berildi.
– Ijro hujjatidan ma’lum bo‘lishicha, fuqaro S.Q. Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro J.S. bilan gaplashib, undan ko‘p miqdordagi dori vositasini sotib olishini aytadi. Uddaburon fuqaro J.S.ning ishonchiga kirib, dori vositalarini Namangan shahriga olib kelishgandan so‘ng pulini berishini aytadi, – deydi MIB Namangan viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Sohibjon Rafiqov. – Fuqaro S.Q. jamiyatdan olgan 1 412 500 000 so‘mlik dori vositalarini olib, tanishlari orqali sotib yuboradi. Lekin u pulni shaxsiy ehtiyoji uchun ishlatib, bermay keladi.
Oxir- oqibat J.S. S.Q.ning xatti-harakatlari ustidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralariga murojaat qiladi. Barcha dalillar o‘z isbotini topib, unga nisbatan sudning hukmi e’lon qilinadi. Unga ko‘ra, S.Q.dan firibgarlik orqasidan yetkazilgan zararni undirish belgilanadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shirin shahar sudining 2024-yil 24-yanvardagi ijro varaqasi Byuroning Yangi Namangan tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlari olib borilgan. Ijro harakatlari davomida yetkazilgan zarar summasi to‘liq undirib berilishi ta’minlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri