Firibgar 7 ming dollar bilan qo‘lga tushdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqarodan firibgarlik yo‘li bilan pul talab qilgan shaxs ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning To‘rtko‘l tumani bo‘limlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro U.S. firibgarlik yo‘li bilan noqonuniy daromad orttirish maqsadida, fuqaro S.ga tanishlari orqali do‘kon qurishi uchun yer maydoni olib berishini va’da qilib, unga tuman hududidan “Ekobozor” qurilishi uchun 75 kv. metr yer maydoni ajratilganligi haqidagi tuman hokimining soxta farmoyishini taqdim qilib, evaziga 7 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA