Firibgar 595 million so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirdi
Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi Bobur nomli mahallada yashaydigan Dilshod (ism-shariflar o‘zgartirildi) o‘tgan yil mart oyida “Bog‘i nav” mahallasilik Jalol Do‘sovning ishonchiga kirib, 595 million 314 ming so‘m pulini aldov yo‘li bilan olib ketgan.
Surxondaryo viloyat IIB axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bu mablag‘ni qo‘lga kiritayotganida u Jalol Do‘sovga “terminal orqali bank hisob raqamingizga o‘tkazib beraman”, deya quyuq va’da bergan. Yirik miqdordagi pulining terminal orqali bank hisob raqamiga o‘tkazilishini qariyb o‘n oy kutgan jabrlanuvchi aldanganini sezib qolgach, viloyat ichki ishlar boshqarmasining “102” qisqa raqamiga murojaat etdi.
Soddadil Jalol Do‘sovning murojaati tegishli tartibda o‘rganilgach, Dilshodga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA