Finlandiya bilan hamkorlikning yangi davri
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga Finlandiya rektorlar kengashi raisi o‘rinbosari, Kareliya universiteti rektori Petri Ra yvo boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
SamDU rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov ishtirokidagi uchrashuvda oliy ta’lim sohasidagi O‘zbekiston - Finlandiya hamkorligi, ikki universitet o‘rtasidagi munosabatni yanada chuqurlashtirish, SamDUning O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutiga finlandiyalik professor-o‘qituvchilarni jalb qilish kabi qator masalalar muhokama etildi.
– Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ta’lim tizimida ham yaqqol aksini topmoqda, - dedi R.Xolmurodov. – Bugun universitetlarimiz tarkibida tashkil etilayotgan institutlar muayyan sohaga yanada chuqurroq kirib borish imkonini beradi. SamDU jamoasi Finlandiya ta’lim tizimining istiqbolli yo‘nalishlarini yurtimizda joriy qilish, o‘zaro integratsiyani jadallashtirish niyatida. O‘ylaymanki, hamkorligimiz tez orada amaliy natija beradi.
– Bu zaminga ilk bor kelishim, – deydi janob Petri Rayvo. – O‘zim tarixchiman, afsonaviy kent menda ajoyib taassurot qoldirdi. Agar uch so‘z bilan ta’riflash imkoni berilsa, Samarqandni chiroyli, qadimiy va ilmiy shahar, degan bo‘lardim. Mazkur oliy ta’lim maskani rahbari Rustam Xolmurodovning fikrlari menga juda ma’qul tushdi.
Professor-o‘qituvchilar, doktorantlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, birgalikda samarali ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish yuzasidan kelishib oldik. O‘zbekiston so‘nggi 6 yil davomida o‘zini dunyoga namoyon qilmoqda, deb bemalol ayta olaman. Diyoringizda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlardan hayratdaman. Bularning bari haqida yurtdoshlarimga albatta so‘zlab beraman.
Tashrif doirasida Finlandiya delegatsiyasi Samarqandning tarixiy qadamjolari – Amir Temur maqbarasi, Registon maydonini tomosha qilishdi, Mirzo Ulug‘bek madrasasining tarixi, faoliyati bilan tanishdi.

Otabek Sa’dullayev,
SamDU axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov (surat), O‘zA