FIFA jahon chempionati huquqlarini sotish rejasidan voz kechdi
Avvalroq FIFA qiymati 20 milliard AQSH dollari bo‘lgan sho‘ba kompaniya tashkil etishni rejalashtirgandi.
FIFA rahbariyati jahon chempionati huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish loyihasini amalga oshirmaslikka qaror qildi. Bu haqda New York Post xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, tashabbus butun dunyo futbol rahbarlarining ochiq qarshiligi va FIFA shafeligidagi turnirlarni ommaviy boykot qilish tahdidi sabab to‘liq muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Shuningdek, tashkilot rahbariyati ichidagi jiddiy qarama-qarshiliklar ham ushbu qarorga ta’sir ko‘rsatgan.
Qayd etilishicha, ayni paytda FIFA vakillari loyihani zudlik bilan bekor qilish masalasi bo‘yicha ichki maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda.
Avvalroq FIFA qiymati 20 milliard AQSH dollari bo‘lgan sho‘ba kompaniya tashkil etishni rejalashtirgandi. Rejaga ko‘ra, kompaniyaning 25 foizi 4,2 milliard dollar evaziga xususiy investorlarga sotilishi ko‘zda tutilgan edi.
Shuningdek, loyiha doirasida milliy federatsiyalarga ajratiladigan mablag‘ni yaqin to‘rt yillik davrda 8 million dollardan 20 million dollargacha, keyingi ikki siklda esa mos ravishda 22 million va 24 million dollargacha oshirish rejalashtirilgan edi.
Loyihani amalga oshirish uchun FIFAga a’zo federatsiyalarning ko‘pchilik ovozi hamda FIFA Kengashining roziligi talab etilishi belgilangan edi.
Shuningdek, FIFA prezidenti Janni Infantinoning katta maslahatchisi Karlos Kordeyro ushbu rejalarga norozilik sifatida lavozimini tark etgani aytilmoqda. Avvalroq UEFAning barcha 55 a’zosi ham loyiha qabul qilinsa, FIFA musobaqalarini boykot qilish bilan tahdid qilgan edi. OAVda esa Janni Infantinoning FIFAdagi lavozimini tark etishi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqalgan.