FIFA jahon chempionati huquqlarini sotish rejasi uchun rasman uzr so‘radi
Yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun samimiy uzr so‘raymiz va bunday holat boshqa takrorlanmasligiga va’da beramiz.
FIFA jahon chempionati huquqlarining bir qismini sotish rejalari yuzasidan rasmiy bayonot e’lon qilib, yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun uzr so‘radi.
Tashkilotning prezidenti Janni Infantino va bosh kotibi Mattias Grafstryom imzolagan maktubda quyidagilar ta’kidlangan:
«Yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun samimiy uzr so‘raymiz va bunday holat boshqa takrorlanmasligiga va’da beramiz. Zarur tekshiruv o‘tkaziladi va uning hisoboti FIFA Kengashining navbatdagi yig‘ilishida taqdim etiladi.
Bundan tashqari, avval ma’lum qilinganidek, FIFAga a’zo assotsiatsiyalar va FIFA Kengashi tomonidan ma’qullanishi kerak bo‘lgan ushbu loyiha endi ko‘rib chiqilmaydi.
Loyiha yopilganidan so‘ng FIFA o‘zining halolligi, yaxshi boshqaruv tamoyillari va belgilangan tartiblarga rioya etishiga nisbatan asossiz hujumlarga toqat qilmaydi hamda o‘z nomi va obro‘sini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.
Har bir tajribadan saboq olish mumkin va biz ushbu holatdan kelib chiqib ichki jarayonlarimizni yanada takomillashtirishda davom etamiz. Shu bilan birga, ta’kidlash joizki, ayrim xatolarga qaramay, amalga oshirilgan barcha ishlar FIFAning amaldagi me’yoriy-huquqiy bazasi doirasida bajarilgan.
Biz sizlar bilan birgalikda FIFA Forward dasturi orqali FIFAga a’zo 211 ta assotsiatsiya, konfederatsiyalar va mintaqaviy birlashmalar uchun futbol rivojiga qo‘shimcha yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini izlashda davom etamiz.
Shu masala yuzasidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha savollarga javob berishga tayyormiz va yaqin orada sizlar bilan uchrashishni intiqlik bilan kutamiz.»
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta FIFA FIFA Forward Enterprise (FFE) nomli yangi tijorat tuzilmasini tashkil etib, jahon chempionati huquqlarining bir qismini sotish rejasini ilgari surgandi.
Biroq futbol konfederatsiyalarining keskin tanqidi va UEFAga a’zo mamlakatlar tomonidan jahon chempionatini boykot qilish ehtimoli ortidan Janni Infantino ushbu g‘oyadan voz kechishga qaror qildi.