FIFA Argentina terma jamoasi va futbolchilariga qarshi intizomiy ish ochdi
Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi (FIFA) 2026-yilgi jahon chempionati yarim finalida Angliya ustidan qozonilgan 2:1 hisobidagi g‘alabadan so‘ng maydonda Folklend (Malvin) orollariga oid yozuv ko‘tarib chiqqani uchun Argentina futbol uyushmasi (AFA)ga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘atdi.
Bu haqda “Sky” nashri ijtimoiy tarmoq sahifasida xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, argentinalik futbolchilar maydonga “Malvin orollari Argentinaga qarashli” degan yozuvli plakat olib chiqishgan.
Bundan tashqari FIFA Ispaniyaga qarshi kechgan final o‘yinidan so‘ng nojo‘ya hatti-harakat sodir etgan Argentina terma jamoasi a’zolari Nauel Molina, Leandro Paredes va Tyago Almadaga nisbatan ham alohida surishtiruv boshlagan.
Bahs yakunlangach, Paredes avval raqib himoyachisi Erik Garsiyaning bo‘ynidan bo‘g‘ib, so‘ng yarim himoyachi Gavini itarib yuborgan, Molina esa g‘alabani nishonlayotgan Rodrini yiqitishga uringan.
Eslatib o‘tamiz, Buenos-Ayres va London o‘rtasida Folklend oroli bo‘yicha hududiy nizo haligacha davom etmoqda. Argentina arxipelagni o‘z hududi deb hisoblaydi, Buyuk Britaniya esa 1833-yildan beri orolni boshqarib keladi. 1982-yil ushbu kelishmovchilik qurolli to‘qnashuvga aylanib, britanlar g‘alabasi bilan yakunlangan. Shundan beri Argentina BMT orqali orol maqomini qayta ko‘rib chiqishga urinib keladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA