FIFA 211 ta terma jamoa ishtirokidagi JCH loyihasini ishlab chiqqan
Infantino musobaqaning ochilish uchrashuvini Isroil va Falastin o‘smirlar terma jamoalari o‘rtasida o‘tkazishni rejalashtirgan.
FIFA prezidenti Janni Infantino 15 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatini o‘tkazish loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etgan. Unda FIFA tarkibidagi barcha 211 ta milliy assotsiatsiya terma jamoalari qatnashishi rejalashtirilgan. Bu haqda The Athletic xabar berdi.
Tashkilotchilar rejasiga ko‘ra, uchrashuvlar qisqartirilgan formatda va kichraytirilgan maydonlarda o‘tkazilishi, ochilish hamda yopilish marosimlari esa Disney World ko‘ngilochar bog‘ida tashkil etilishi kerak edi. Infantino musobaqaning ochilish uchrashuvini Isroil va Falastin o‘smirlar terma jamoalari o‘rtasida o‘tkazishni rejalashtirgan.
Biroq mazkur tijoriy loyiha 2026 yilgi jahon chempionati oldidan bekor qilingan.
Avvalroq Infantino jahon chempionatining tijoriy huquqlariga investorlarni jalb qilishni taklif qilgan edi. Bu tashabbus Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA), Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib havzasi futbol konfederatsiyasi (KONKAKAF), Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) hamda Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (KONMEBOL) tomonidan tanqid qilindi.
UEFA FIFA rahbariga nisbatan ishonch susayganini bildirib, Infantino lavozimini ixtiyoriy ravishda tark etmasa, unga nisbatan ishonchsizlik votumini bildirishga tayyorligini ma’lum qilgan.