Fidoyilik bilan xizmat qilishga shayman
El-yurt manfaati yo‘lida qilingan har bir kichik mehnat ham e’tiborsiz qolmas ekan. Buni men ham o‘z taqdirim misolida ko‘rdim. Joriy yil 28 iyunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlaganlar orasida men ham borman. Undan ham quvonarlisi, mazkur yuksak mukofotni 30 iyun – Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali forumda shaxsan Yurtboshimiz qo‘lidan olishga muvaffaq bo‘ldim! Bunday baxt albatta kamdan-kam tengdoshlarimga nasib etadi.
Katta hayajon bilan Prezidentimiz turgan zal sahniga ko‘tarilar ekanman, beixtiyor ko‘zim menga samimiy tabassum bilan termulib turgan Yurtboshimizning nigohlariga tushdi. Bu nigohlar go‘yo menga shunday derdi: “Men seni yaxshi bilaman, sen – xalqning suyanchi, vatanning umidisan. Bu qorako‘z insonlar uchun hali sen ko‘p ishlar qilasan. Kerak bo‘lsa, mana men senga tog‘day tayanch bo‘lishga tayyorman”. Prezidentimiz ko‘ksimga yuksak mukofotni taqar ekan, “Munosib bo‘l!” dedi. Xuddi shunday, janob Prezident! Vatanimga, xalqimga sodiq bo‘lishga va unga sadoqat bilan xizmat qilishga va’da beraman. Siz bildirgan bu ishonch, Siz bergan bu motivatsiya menga butun umr kuch-quvvat, shijoat bag‘ishlaydi.
Yurtboshimiz o‘sha kuni yuksak minbarda turib so‘zlagan nutqida bir hikmatli gapni qayta-qayta uqtirdi: “Ilmdan o‘zga najot yo‘qdir”. Chindan ham, ilm va ma’rifat buyuk kelajagimizning poydevoridir. Bu yo‘lda xizmat qilayotgan insonlar qatorida birinchi o‘rinda albatta muallim-pedagoglar turadi. O‘zim ham shu sohada ishlayotganimdan juda mamnunman. 2018 yildan buyon Prezidentimizning tashabbusi bilan tashkil etilgan Erkin Vohidov ijod maktabida ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi sifatida faoliyat olib boryapman. Kelajagimiz egalariga ona tiliga hurmat orqali vatanga bo‘lgan muhabbatni o‘stirishga sidqidildan harakat qilyapman.
“Qaysi bir millatning o‘z ona tili o‘z hojatini o‘tay olmay, boshqa yot tillar oldida mag‘lubiyatga uchrab, tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlamayoq insoniy huquqlaridan ajraydi va uning hayot daftarlari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir” deya haq gapni aytgan edi buyuk alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy. Chindan ham har bir millatning jahon maydonidagi mavqei shu mezon asosida o‘lchanadi. Ona tilining rivoji esa bevosita shoir, yozuvchi, olim va pedagoglarning faoliyati bilan uzviy bog‘liqdir. O‘tgan mehnat davrim davomida ijodim, ilmiy ommabop maqolalarim va pedagogik faoliyatim orqali ona tilimizning rivojiga imkon qadar hissa qo‘shishga harakat qilib kelyapman.
Qisqagina mehnat faoliyatim davomida bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritdim, deb aytishim mumkin. Xususan, 2020 yil “O‘qituvchilar assotsiatsiyasi” jamoat birlashmasining xalqaro tajribalar asosida o‘tkazilgan “Ustoz-2020” (Best teacher) tanlovida munosib qatnashib, sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandim. O‘quvchilarim ko‘rik -tanlovlar va fan olimpiadalarida yuqori o‘rinlarga munosib topilmoqda. Darslarim davomida asosan o‘quvchilarda mustaqil fikr va dunyoqarashni o‘stirishga e’tibor qarataman. O‘qishni musobaqaga aylantirmayman. O‘qish ehtiyoj ekanini uqtiraman.
Har bir narsa muhofaza va e’tiborga muhtojdir. Xuddi shunday til ham muhofaza va e’tiborga hamisha muhtoj hisoblanadi. Vatan sarhadlarini askarlar yovuz dushmanlardan asrasa, milliy tilni ijodkor va olimlar yot unsurlardan saqlashga intiladilar, uning tarqqiysi uchun kurashadilar. Shu jihatdan men o‘zimni yosh ijodkor va izlanuvchi sifatida qaysidir ma’noda chegarada turgan askarday his qilaman va men ham askarman deb ayta olaman. Xususan, “Gomerdan Homergacha”, “Grajdan nega fuqaro emas?”, “Millat nomusi”, “Aytmasam, tilim kuyadi...”, “Gar Navoiy so‘z uzatti...”, “Tug‘ishgan so‘zlar” singari til va adabiyot masalalari va muammolariga daxldor maqola va izlanishlarimda tilshunoslik va adabiyotshunoslikdagi bir qator dolzarb muammolarni qalamga olganman.
Birodar tojik xalqining bir ajoyib gapi bor: mo vatandoram! Ya’ni biz vatandormiz. Ko‘ksimdagi bu mukofotga qarab turib bugun men ham shunday degim keldi: men ham vatandorman. Vatanim uchun, xalqim uchun fidoyilik bilan xizmat qilishga hamisha shayman. Menimcha, o‘sha kuni men bilan mukofot va medal olgan barcha yoshlarning fikri shunday. Zero, biz vatandorlarmiz. Ularning har biri milliy qadriyatlarimizga, milliy tilimizga sodiqdir.
Davlatjon Karimov,
“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi.
O‘zA