Fidoyi shifokorlar xotirlandi
Z.M.Bobur nomli Andijon viloyati Axborot-kutubxona markazida “O‘zbekiston tibbiyotining rivojlanish odimlari: Andijon tibbiyotining ustunlari” deb nomlangan xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Andijon davlat tibbiyot instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda nafaqat Andijon, balki mamlakatimiz tibbiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan mashhur shifokor-professorlar Yusuf Otabekov, Rahim Nurmuhammedov, Satqul Jumaboyev xotirasi yodga olindi.
Tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari, shifokorlar, talaba yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokidagi tadbirda Andijon davlat tibbiyot instituti prorektori S.Salohiddinov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi raisi M.Artiqova va boshqalar so‘z olib, yurtimiz tibbiyotining rivojlanish tarixi, ayniqsa, Andijonda tibbiyot va tibbiyot fani rivojida alohida o‘rin egallagan, o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan marhum professorlar Yusuf Otabekov, Rahim Nurmuhammedov, Satqul Jumaboyev tomonidan amalga oshirilgan ishlar, ularning ibratli hayoti va faoliyati xaqida gapirdi.
[gallery-9546]
Ustoz shifokorlar o‘zlarining marhum ustozlar hayoti va faoliyati bilan bog‘liq xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Ayniqsa, tadbirda qatnashgan rossiyalik tajribali xirurg V.Voyno-Yasinenskiy Andijonda avval ko‘p bora bo‘lganligini, Andijon davlat tibbiyot institutining barpo etilishi va rivojida ustoz olimlarning hissasi beqiyos ekanligini, ana shunday fidoyi shifokorlar bilan hamkorlikda ishlaganligini alohida e’tirof etdi.
Xotira kechasida el-yurt salomatligi, tibbiyot ravnaqi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan insonlar xotirasi hech qachon unutilmasligi, ularning hayot yo‘li hamisha yoshlar uchun ibrat maktabi ekanligi qayd etildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA