Fidoyi pedagog
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Chortoq tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning kimyo fani o‘qituvchisi Ra’no Nosirova fidoyi va tajribali pedagoglardan. U 16 yildan buyon yosh avlodga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.
O‘z kasbiga sadoqatli, izlanuvchan va kamtarin ustoz o‘quvchilar mehrini qozongan. Bugunga qadar uning 70 nafar shogirdi kimyo fanidan milliy sertifikatni qo‘lga kiritgan. Yuzdan ziyod shogirdi esa mamlakatimiz va xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda.
[gallery-31643]
Bu natijalar zamirida yillar davomidagi mashaqqatli mehnat, tinimsiz izlanish va har bir o‘quvchiga alohida e’tibor mujassam.
Oliy toifali pedagog erishgan natijalari bilan cheklanib qolmay, zamonaviy ta’lim talablari, ilg‘or metodlar va ilmiy yangiliklarni muntazam o‘rganib, kasbiy mahoratini oshirib kelmoqda. Milliy sertifikatga ega bo‘lishi va 70 foizlik ustama olishi uning kasbiy faoliyatidagi yutuqlaridan biridir.
Kuni kecha Ra’no Nosirovaning mehnati yana bir yuksak e’tirofga munosib ko‘rildi. U “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘olibi sifatida 616 million so‘m miqdoridagi pul mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA