Festival: “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida”
Nukus shahridagi “Vatanparvarlar bog‘i”da Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy, Qonliko‘l, Taxtako‘pir, Chimboy tumanlari yoshlari ishtirokida “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik festivali o‘tkazildi.
Tadbir Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tashabbusi bilan O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va Yoshlar Ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi hamkorligida tashkil etildi.
Festival doirasida yoshlar o‘rtasida timbilding, kamondan o‘q otish, shaxmat-shashka, arqon tortish, stol tennisi, alpinizm, velosiped yordamida to‘siqlardan o‘tish kabi musobaqalar tashkil etilib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar rag‘batlantirildi.
[gallery-5865]
“Vatanparvarlar bog‘i” shu kuni chinakam vatanparvar yigit-qizlar bilan gavjum, yorqin xotiralarga boy bo‘ldi. Turli sport musobaqalardan tashqari, tasviriy san’at namunalari, harbiylar va yoshlarning portretlari ko‘chgan suratlar namoyishi tadbirga fayz baxsh etdi.
Qurol-yarog‘lar va sport texnikalaridan iborat ko‘rgazmalar milliy armiyamiz kuch va salohiyatdan so‘zlagan bo‘lsa, bog‘ ichidagi “Xotira” muzeyida o‘tmishning qonli satrlar bilan bitilgan sahifalarida qoraqalpog‘istonliklarning ko‘rsatgan jasoratlari, front ortidagi xizmatlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Harbiy qism askarlari tomonidan tayyorlangan faxriy qorovul va qo‘l jangi elementlaridan iborat chiqishlar ishtirokchilarga manzur bo‘ldi.
Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestri jamoasi tomonidan taqdim etilgan kuy va qo‘shiqlar guldastasi xushkayfiyat ulashib, raqsga chorladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA