Fermerga qo‘llanilgan jarima bekor qilindi
Qiziltepa tumani adliya bo‘limiga tumandagi “Tong yulduzi” fermer xo‘jaligi rahbari soliq idorasi tomonidan qo‘llanilgan moliyaviy jarimani bekor qilish yuzasidan murojaat qildi.
Natijada adliya ish yurituviga olingan murojaatga asosan Navoiy tumanlararo ma’muriy sudiga “Turon yulduzi” fermer xo‘jaligi manfaatida da’vo ariza kiritildi.
– O‘rganishlar davomida ma’lum bo‘lishicha, Navoiy soliq boshqarmasi tomonidan fermer xo‘jaligida sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish maqsadida 2024 yilning 13 martidan 10 ish kuniga 2 nafar soliq xodimi xizmat safariga yuborilgan va fermer xo‘jaligi faoliyati taftish qilingan, – deydi Qiziltepa tumani adliya bo‘limi boshlig‘i Abduvali Asadov. – 2024 yilning 27 mart kuni tuzilgan sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasiga ko‘ra, soliq to‘lovchi hisoblangan “Turon yulduzi” fermer xo‘jaligi tomonidan 1 milliard 591 million 930 ming 900 so‘mlik tovar moddiy boyliklar realizatsiya qilish joyida mavjud emasligi hamda 1 milliard 259 million 540 ming 900 so‘mlik tovarlar, ya’ni un va yem mahsulotlari kirim qilinmasdan realizatsiya qilinganligi aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, fermer xo‘jaligi tomonidan un va yem mahsulotlari o‘ziga tegishli bo‘lgan baliq havzasida boqilayotgan baliqlarga berilgan. Bu haqda birlamchi buxgalteriya hujjatlari rasmiylashtirilgan. Ammo soliq idorasi tomonidan bu hujjat inobatga olinmasdan, faqatgina xo‘jalik rahbarining tovar moddiy boyliklar qoldig‘i mavjud emasligi to‘g‘risidagi tilxatiga asoslangan holda fermer xo‘jaligiga jami 343 million so‘mlik moliyaviy jarima qo‘llanilgan.
O‘rganishlar davomida to‘plangan hujjatlarga asosan sud soliq idorasi tomonidan fermer xo‘jaligiga qo‘llanilgan moliyaviy jarimani bekor qildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri