“Fermerga madad” huquqiy aksiyasi
Buxoro viloyati Buxoro tumanidagi "Shahriyor Fozil" fermer xo‘jaligi rahbari M.Qahhorov Losha agrokimyohimoya tumanlararo filialida 12.7 million so‘mlik oldindan to‘lovi mavjud bo‘lsada, filial tomonidan xo‘jalikka azot o‘g‘iti berilmayotganligidan norozi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga pm.gov.uz elektron pochtasi orqali murojaat yo‘llagan.
– Murojaat viloyat adliya boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganib chiqildi, – deydi viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Bekzod Nishonov. – Natijada Losha agrokimyohimoya tumanlararo filiali tomonidan “Shahriyor Fozil” fermer xo‘jaligiga 4500 kilo o‘g‘it azoti yetkazib berilishi ta’minlandi. Murojaat ijobiy hal etildi.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki bu kabi holatlar goh gohida uchrab turadi. Shunga ko‘ra, Adliya vazirligi tashabbusi bilan adliya organlari tomonidan joriy yilning iyun–dekabr oylarida “Fermerga madad” huquqiy aksiyasi o‘tkazilmoqda. Mazkur aksiya doirasida adliya xodimlari va "Madad" NNT tomonidan fermerlarga huquqlarini tushuntirish tadbirlari, qishloq xo‘jaligi sohasida huquqni qo‘llash amaliyoti hamda fermerlarning murojaatlari o‘rganilishi olib borilmoqda. Fermer xo‘jaliklarining muammolarini aniqlash bo‘yicha so‘rovlar o‘tkazish orqali sohani tubdan isloh qilish va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlanmoqda.
bugungi kunning poydevori bo‘lmish fermer xo‘jaliklarining huquq va manfaatlarining himoya qilinishi ularning erkin bozor munosabatlariga kirishiga va ularning faoliyatida shartnomaviy munosabatlarning mustahkamlanishiga hamda eng muhimi sohaga investitsiyalar kirib kelishiga imkon yaratadi.
Zarif Komilov, O‘zA