Fermerga kompensatsiya to‘liq to‘lanadigan bo‘ldi
So‘nggi yillarda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga berilayotgan imtiyozlar, yaratilayotgan qulayliklar soha rivojiga xizmat qilmoqda. Xususan, tadbirkorlarning murojaatlari o‘z vaqtida o‘rganilib, ijobiy hal etilmoqda.
Ana shunday murojaatlardan biri Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi “Dilfuza Narziqulovna” fermer xo‘jaligi rahbari Dilfuza Boboyevadan kelib tushgan. Unda fermer tokzor yaratishda jamg‘armadan olgan kompensatsiya to‘lovlarini tiklash masalasida yordam so‘ragan.
Aniqlanishicha, “Dilfuza Narziqulovna” fermer xo‘jaligiga ijaraga berilgan 3,6 gektar yerda 2020 yilda intensiv bog‘ tashkil etilgan. Unda ekilgan “So‘g‘diyona” navli tok ko‘chatlari 2023 yilning yanvar oyida anomal sovuq sababli hosil bermagan. Uzum ko‘chatlari qayta ekilganligi haqida Kitob tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi tomonidan 2023 yil 10 avgustda xulosa berilgan.
Prezidentimizning 2023 yil 3 fevraldagi “Havo harorati keskin sovib ketishining iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2023 yil qish oyida havo harorati keskin sovib ketishining iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilgan.
Ammo “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJni boshqarish bo‘yicha kengashining 2023 yil 14 avgustdagi 35-sonli yig‘ilish bayonnomasi bilan kompensatsiya shartnomalari bo‘yicha loyihalarning biznes- rejada ko‘zda tutilgan ish o‘rinlari yaratish va mahsulot (xizmatlar) aylanmasi ko‘rsatkichlari 50 foiz hamda undan kam bajarilgan, degan sabablar bilan fermer xo‘jaligi olgan kreditning 6 foiz kompensatsiya to‘lovlarini to‘xtatish haqida qaror qabul qilingan.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tadbirkorning bu murojaatini o‘z vaqtida qanoatlantirdi. Unga berilgan imtiyozdan to‘liq foydalanish qarori tasdiqlandi.
Nilufar Bozorova, O‘zA