Fermer yeri auksionga chiqarildi
Sirdaryo tumanida soliq qarzini undirish bo‘yicha ijro harakatlari doirasida “Malik” fermer xo‘jaligiga tegishli qishloq xo‘jaligi yer maydoni xatlandi va uni elektron onlayn-auksionga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
Majburiy ijro byurosining Sirdaryo tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan amaliy tadbirlar davomida mazkur fermer xo‘jaligining davlat byudjeti oldida 55,4 million so‘m soliq qarzi mavjudligi aniqlangan. Qarz uzoq vaqt davomida to‘lanmagani sababli, qonunchilikda belgilangan tartibda yer maydoniga nisbatan ijro chorasi qo‘llanilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-martdagi “Soliq qarzdorligi mavjud bo‘lgan, shuningdek surunkali ravishda soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lamay kelayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatida yer ijara huquqlarini qayta ko‘rib chiqish hamda yer resurslaridan samarali foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida surunkali qarzdor fermer xo‘jaliklari bo‘yicha tizimli nazorat va choralar amalga oshirilmoqda.
Mutasaddilar ma’lum qilishicha, xatlangan yer maydoni qonunchilikka muvofiq elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi. Olingan mablag‘lar soliq qarzini qoplashga yo‘naltiriladi.
Ta’kidlanishicha, bu kabi ijro harakatlari soliq intizomini mustahkamlash, qarzdorlikni qisqartirish hamda yer resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida izchil davom ettirilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri