Faxriylar e’zozlanib, qahramonlar yod etilmoqda
Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tizimida uzoq yillar samarali xizmat qilgan faxriylar va xizmat vaqtida halok bo‘lgan tinch, to‘kin hayotimiz posbonlari oila a’zolari holidan xabar olinib, ularga bayram sovg‘alari topshirilmoqda.
Ana shunday tadbirlar doirasida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Sh.Shadiyev rahbarligida IIB xodimlari iste’fodagi mayor Bori Shodiyev va Shomurod Saidqulovlar xonadonida bo‘lib, bayram bilan tabriklashdi. Sovg‘alar ulashib, xizmat davridagi xotiralarni eslashdi.

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan ichki ishlar idoralarida ko‘p yillik samarali xizmati va ayni paytda yosh xodimlarni tarbiyalashga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun Xotira va qadrlash kuni arafasida iste’fodagi podpolkovnik Abdusattor Ismailov “Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi” ko‘krak nishoni va istefodagi starshina Norboy Pardayev ichki ishlar vazirining esdalik qo‘l soati bilan taqdirlandi. Faxriylarning xonadonida bo‘lgan IIB xodimlari ularni bayram bilan muborakbod etib, ko‘krak nishon va esdalik qo‘l soatini tantanali topshirdi.

Ichki ishlar idoralarida sadoqat bilan xizmat qilgan katta leytenant Sherali Aytuganov o‘z vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan. Uning xalqimiz osoyishtaligi, qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lidagi xizmatlarini hamkasblari chuqur ehtirom bilan yodga oladi. Viloyat IIB xodimlari mard, qo‘rqmas Sherali Aytuganovning oila a’zolari bilan uchrashib, Vatanga sodiq IIB xodimining ibratli hayot yo‘lini yodga olishdi. Boshqarma boshlig‘ining sovg‘alari topshirildi.

O‘zaro suhbatlar chog‘ida xabar olingan xonadonlar sohib-u sohibalarining yashash sharoiti, sog‘ligi, muammo va takliflari tinglanib, ularning yechimini topish choralari ko‘rildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri