Faxriy jurnalist ayollarga ehtirom ko‘rsatildi
Andijonda Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Muqaddassan, ayol!” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritgan, hozir keksalik gashtini surayotgan bir guruh soha faxriylari, jurnalist ayollar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi raisi Maxpuraxon Artiqova, O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Sherzodbek Valiyev va boshqalar ijodkor opa-singillarimizni bayram bilan muborakbod etdi. Mamlakatimizda xotin-qizlarga, ijodkorlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, faxriylarning o‘z davridagi ijodi, yosh mutaxassislar tarbiyasi borasidagi samarali faoliyati xususida so‘z yuritdi.

Ayni kunda Andijon viloyatidagi 150 nafardan ziyod Jurnalistlar uyushmasi a’zosining 30 nafarga yaqinini faxriy jurnalist ayollar tashkil etadi. Ular o‘z davridagi samarali faoliyati, qolaversa, bugungi kunda ustozlik o‘gitlari, yosh avlodni tarbiyalashdagi faolligi, xalqimizning milliy qadriyat va an’analarini targ‘ib etishdagi ijod namunalari bilan jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Tadbirda faxriy jurnalistlar – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mukarramxon Xolmatova, Shefiye Imanqulova, Ra’noxon Jumaniyozova, Zamiraxon Ro‘ziyeva ijodkor ayollar faoliyatidagi qiyinchiliklar, qalblaridagi bugungi shukronalik haqida o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdi.
–Ijod ahliga, ayniqsa, biz faxriy jurnalist ayollarga ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi, – deydi sakson uch yoshni qarshilagan faxriy jurnalist Ra’noxon Jumaniyozova. – O‘z davrida “Xo‘jaobod”, “Buloqboshi” gazetalari muharriri bo‘lib ishlaganman. Faoliyatimizda ko‘p quvonchli kunlarni, shu bilan birga, turli muammo va tashvishlarni ham boshimizdan o‘tkazganmiz. Lekin hamisha adolatni yozishdan charchamaganmiz.
U davrlarda siyosat, turli yozilmagan tartiblar bois ishlash, dilingdagi so‘zni yozish ancha og‘ir bo‘lgan. Shukr, bugun jurnalistlar oldida u paytdagiday to‘siqlar yo‘q. Eng muhimi, yurtimizda qaysi sohada, qaysi kasbda ishlashidan qat’i nazar, inson qadri ulug‘lanmoqda. Mana shunday yurtimizga, tinchligimiz va farovonligimizga ko‘z tegmasin.
Samimiy muloqot, mushoiralar bilan o‘tgan tadbir yakunida qatnashchilarga Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limining esdalik sovg‘alari topshirildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari