Faxrim va iftixorimsan, Ona tilim!
Istiqlolning ilk epkinlari esa boshlagan o‘tgan asrning 90-yillarida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berish kun tartibidagi eng muhim masalaga aylandi.
Istiqlolning ilk epkinlari esa boshlagan o‘tgan asrning 90-yillarida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berish kun tartibidagi eng muhim masalaga aylandi. Va nihoyat, 1989 yilning 21 oktabr kuni barchamiz orziqib kutgan voqea ro‘y berdi – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Keyinchalik Bosh Qomusimizda davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi.
Bunday tarixiy voqeaning qayd etilishi o‘sha davrning tom ma’nodagi olamshumul, o‘z navbatida bir necha o‘n million xalq so‘zlashuvchi ona tilimiz rivoji uchun mustahkam huquqiy asos bo‘ldi. Boisi, o‘sha paytlarda tilimiz yo‘qolish arafasiga kelib qolgan edi.
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganining 30 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda shu haqda so‘z bordi.
Tuman hokimligi, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tuman o‘quv sport texnika klubi hamkorligida “Faxrim va iftixorimsan, Ona tilim!” mavzusida tashkil etilgan tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti, hokimlik, tuman xalq ta’limi bo‘limi mas’ullari, ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari, o‘quvchilar ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2019 yil 4 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qaroriga muvofiq, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishining 30 yilligi mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
5-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan tadbirda o‘zbek tilining rivojlanish tarixi, imkoniyatlari, ayni paytda til bilan bog‘liq ayrim muammolar va ularning oldini olish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Seminarda “Aniq nisbat”, “Uyushiq bo‘lakli gaplar”, “Alisher Navoiy tuyuqlari”, “Maqsud Shayxzodaning hayoti va ijodi” kabi mavzularda o‘quv jarayonidan ajralmagan holda ochiq darslar tashkil etildi.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri edi, – deydi maktab direktori Marg‘uba Muhammedova. – Til nafaqat muomala vositasi, balki ma’lum bir xalq, millatning ma’naviy boyligi, madaniyati, urf-odati, tarixi, turmush tarzidir. Anglaganingizdek, til, ya’ni ona tilimiz bizlarni birlashtiruvchi, moziydan so‘zlaguvchi, boyliklarimizni asraguvchi istiqlol, mustaqilligimizning ajralmas bir bo‘lagidir. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishimiz lozim.
Tadbir doirasida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasida shashka musobaqasi va rassomlik mahorati ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Faol ishtirokchilar, musobaqa va ko‘rik-tanlov g‘oliblari faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ra’no Tosheva,
“Vatanparvar” tashkiloti
Qiziltepa tumani bo‘limi
boshlig‘i o‘rinbosari